Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida yangi temir yo‘l bekati qurilmoqda
Qozog‘istonning Turkiston viloyatida «Darboza – O‘zbekiston davlat chegarasi» yangi temir yo‘l tarmog‘i va Yerdaut bekati qurilmoqda.

Qozog‘istonning Turkiston viloyatida «Darboza – O‘zbekiston davlat chegarasi» temir yo‘l tarmog‘i qurilishi davom etmoqda. Obyekt foydalanishga topshirilgandan so‘ng bu yerda qo‘shimcha ravishda kuniga 23 juftgacha poyezdlarga xizmat ko‘rsatilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda loyihani amalga oshirayotgan «Integra Construction KZ» MCHJ matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qurilish tashkiloti vakillarining qayd etishicha, yangi yo‘nalish mamlakatning transport-logistika salohiyatini rivojlantirish, eksport va tranzit tashuvlari hajmini oshirish, shuningdek, amaldagi «Sariyog‘och – Toshkent» uchastkasidagi yuklamani kamaytirishga qaratilgan.
Yerdaut bekati va infratuzilma
Ma’lum qilinishicha, loyihaning asosiy obyektlaridan biri Yerdaut bekati bo‘ladi. Ushbu yangi infratuzilma tuguni «Darboza – Maqtaaral – O‘zbekiston davlat chegarasi» tarmog‘i tarkibiga kiradi hamda Turkiston viloyatining janubiy tumanlarini xalqaro transport yo‘lagi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l qatnovi orqali bog‘laydi.
Qurilish kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda bekat va unga tutash hududlarda temir yo‘l polotnosi, muhandislik va ishlab chiqarish infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.





