Qozog‘istonda ayollarning pensiya yoshi oshiriladi

Qozog‘iston hukumati ayollarning pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirib, 2031 yilgacha erkaklarning pensiya yoshi bilan tenglashtirishni rejalashtirmoqda.

Qozog‘istonda ayollarning pensiya yoshi oshiriladi © РИА Новости

Qozog‘istonda ayollar uchun pensiya yoshini 63 yoshga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Tengrinews» nashri ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, avval vaqtincha to‘xtatilgan ushbu jarayon amaldagi qonunchilik doirasida bosqichma-bosqich davom ettirilib ayollar uchun pensiya yoshi 63 yoshga yetkazilib, erkaklar bilan tenglashtiriladi.

Hozirgi vaziyat

Hozirda mamlakatda erkaklar 63 yoshda, ayollar esa 61 yoshda pensiyaga chiqadi. Shu bilan birga, ayollar uchun pensiya yoshini oshirish 2027 yil oxirigacha «muzlatilgan».

2028 yildan boshlab esa ushbu cheklov bekor qilinib, yosh bosqichma-bosqich oshiriladi. Xususan, 2028 yilda 61,5 yosh, keyingi yillarda esa har yili yarim yildan qo‘shilib boradi va 2031 yilga kelib 63 yoshga yetadi.

Pensiya yoshini oshirishdan maqsad

Rasmiylarga ko‘ra, mazkur o‘zgarishlar pensiya tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlash va kelajakdagi to‘lovlar miqdorini oshirish maqsadida joriy etilmoqda. Ya’ni, inson qanchalik uzoq ishlasa, uning jamg‘arma pensiyasi ham shunchalik yuqori bo‘ladi.

Katta yoshdagi ayollarni ish bilan ta’minlash choralari

Shu bilan birga, hukumat katta yoshdagi ayollarni ish bilan ta’minlash choralarini ham kuchaytirmoqda. Jumladan, «Serebryaniy vozrast» dasturi doirasida ish beruvchilarga subsidiyalar ajratilib, tajribali xodimalarni ishga jalb qilish rag‘batlantirilmoqda.

Shuningdek, qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlari orqali ayollarning mehnat bozoridagi faolligini saqlab qolishga e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda 2028 yildan keyin pensiya yoshini oshirishga moratoriyni uzaytirish masalasi ko‘rib chiqilmayapti.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham pensiya yoshi oshirilishi rejalashtirilayotgan edi. Loyihaga ko‘ra erkaklar uchun yosh chegarasi 60 yoshdan 63 yoshgacha, ayollar uchun esa 55 yoshdan 58 yoshgacha oshirilishi nazarda tutilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi ijroiya direktori Murodbek Otajonov ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda pensiya yoshi 32 yildan beri o‘zgartirilmagan. Jahonda esa ko‘pchilik davlatlarda pensiyaga chiqish yoshi 65 yoshdan yuqori. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75 yoshga yetgan. Bundan 20 yil oldin pensionerlar pensiyadan keyin 8–9 yil yashagan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich erkaklarda 12,5 yilga, ayollarda 20 yilgacha oshgan.

Teglar

Mavzuga oid