Logo

Qozog‘istonda endi jinsiy zo‘ravonlik ishlarini ayol tergovchilar olib boradi

Bugun 19:202 daqiqa

Ushbu qaror jabrlanuvchilarning qo‘shimcha ruhiy travma olishlarini kamaytirish va tergov organlariga bo‘lgan ishonchni oshirishga qaratilgan.

Qozog‘istonda endi jinsiy zo‘ravonlik ishlarini ayol tergovchilar olib boradi

Qozog‘istonda jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlarni tergov qilish ayol tergovchilarga topshiriladi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Sanjar Adilov Parlament Majlisidagi «davra suhbati» chog‘ida ma’lum qildi.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu yangilik jabrlanuvchilarga qo‘shimcha ruhiy shikast yetkazishning oldini olish va tergov organlariga bo‘lgan ishonchni oshirishga qaratilgan.

Nikohga majburlash uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Shuningdek, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari IIV stalking (ta’qib qilish) uchun javobgarlikni kuchaytirishni, unga «takroriylik» belgisini qo‘shishni taklif qilganini bildirdi. Sanjar Adilovning tushuntirishicha, ayrim mahkumlar jazo muddatini o‘tab bo‘lganidan keyin ham o‘z qurbonlarini ta’qib qilishda davom etmoqda.

Stalking moddasi Jinoyat kodeksiga 2025 yilning iyul oyida kiritilgan bo‘lib, to‘liq bo‘lmagan bir yil davomida ushbu modda bo‘yicha 83 ta jinoyat ishi sudga yuborilgan.

Bundan tashqari, vazirlik rasmiysi 2025 yil sentabrdan kuchga kirgan nikohga majburlash moddasi qo‘llanilishi mexanizmiga to‘xtaldi. Ma’lum qilinishicha, bunday ishlarda ham ayol, ham erkak jabrlanuvchi bo‘lishi mumkin. Shunchaki nikohga kirishni talab qilish (hatto homiladorlik holatida ham) jinoyat tarkibini belgilamaydi. Buning uchun, albatta, tahdid yoki zo‘ravonlik ishlatilishi shart, aks holda bu fuqarolik munosabatlari hisoblanadi. Bugungi kunda Qozog‘istonda ushbu modda bo‘yicha ayol kishi gumonlanuvchi sifatida ro‘yxatga olingan jinoyat ishi mavjud emas.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda maishiy zo‘ravonlikka qarshi choralar sobiq iqtisodiyot vaziri Quandiq Bishimbayev tomonidan xotini Saltanat Nukenovaning o‘ldirilishi ortidan kuchaytirilgan edi.

Jabrlanuvchi 2023 yil noyabrda kaltaklanishi oqibatida vafot etgan. Ushbu voqeadan so‘ng, 2024 yil aprelida Prezident Qosim-Jomart To‘qayev maishiy zo‘ravonlikni kriminallashtiruvchi qonunni imzolagan, Bishimbayev esa 24 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Qozog‘istonda endi jinsiy zo‘ravonlik ishlarini ayol tergovchilar olib boradi | Vaqt.uz