Qozog‘istonda uchar taksidagi parvoz narxi qancha turishi aytildi

Bugun 17:353 daqiqa

Qozog‘istonda aerotaksi orqali parvoz qilish bir kilometr uchun taxminan bir dollarga tushishi mumkin. Biroq yo‘lovchilar ishtirokidagi parvozlar hozircha boshlanmaydi.

Qozog‘istonda uchar taksidagi parvoz narxi qancha turishi aytildi © Foto: Tengrinews.kz / Болат Айтмолда

Qozog‘istonliklar hozircha aerotaksida ucha olmaydi – butun 2026-yil sinov parvozlariga bag‘ishlanadi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozumbayev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Orda.kz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yil davomida aerotaksi yo‘lovchisiz parvoz qiladi.

«Transport vazirligida biz aerotaksining test parvozlari uchun vaqtinchalik qoidalarni joriy qildik. Butun yil davomida apparatlar yo‘lovchilarsiz uchadi, chunki biz marshrutlarni to‘liq tekshirishimiz kerak. Aerotaksini Olmaota aeroporti, vokzallar, Qonayev shahri, Qapchag‘ay suvombori va tog‘ klasteri bilan bog‘lashni rejalashtiryapmiz. Endi apparatlar turli balandliklarda, turli iqlim sharoitlarida va yilning to‘rt faslida qanday ishlashini tushunish kerak. Biz uchun hozir asosiy masala – xavfsizlik. Shuning uchun bu yil yo‘lovchilar aniq uchmaydi», – dedi Bozumbayev.

Parvoz narxi qancha bo‘ladi?

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Qanat Bozumbayev hukumatdagi brifingda aerotaksida parvozning taxminiy narxi haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, aerotaksida parvoz qilishning taxminiy qiymati har kilometr uchun bir dollar atrofida bo‘ladi.

«Masalan, yo‘lovchi Olmaota aeroportiga keldi. Hozir tirbandliklar sabab yo‘l bir yarim-ikki soat vaqt oladi. Yaqin atrofda dronlar joylashtiriladi: odam oldindan parvozni bron qiladi. Hozir hisob-kitoblarga ko‘ra, bir kilometr taxminan bir dollar turadi. Qo‘pol aytganda, 15 kilometr uchun odam 15 dollar to‘lab uchib ketadi», – dedi Bozumbayev.

Shu tariqa, rejaga ko‘ra, aeroportdan Olmaota markazigacha parvoz narxi 7–8 ming tenge (15-17 dollar) atrofida bo‘lishi mumkin. Hukumatda keyinchalik raqobat sabab parvozlar arzonlashishiga umid qilinmoqda.

«Biznes uchun bu raqobat bo‘ladi, vaqt o‘tishi bilan yanada arzonlashadi. Shuningdek, yetkazib berish xizmati ham rivojlanadi. Biz umuman Alataudagi binolarning barcha loyiha yechimlari ham yo‘lovchi, ham yuk dronlariga moslashtirilishini rejalashtiryapmiz, shunda yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi», – dedi Bozumbayev.

Birinchi sinovlar

Davlatning «Alatau City Authority» bosh ijrochi direktori Alisher Abdiqodirovning aytishicha, dastlabki sinovlar muvaffaqiyatli o‘tgan.

«Test parvozi vaqtida biz nafaqat aerotaksini, balki oziq-ovqat va yuk yetkazib berish tizimini ham sinovdan o‘tkazdik. Hozirgi asosiy vazifamiz – texnik sinovlarni yakunlash va normativ bazani tayyorlash: ekspluatatsiya qoidalari, qo‘nish maydonlariga talablar, xavfsizlik standartlari va sertifikatlash tizimini ishlab chiqish», – dedi Abdiqodirov.

Biroq u «eVTOL» texnologiyalari hozircha dunyoda endigina rivojlanayotganini ta’kidlab, Qozog‘iston AQSH, Xitoy, Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo tajribasini o‘rganayotganini aytdi.

Shunga qaramay, Bozumbayevning ma’lum qilishicha, odamlar ishtirokidagi ilk test parvozlari kelasi yilning o‘zidayoq Qonayevda boshlanishi mumkin.
 
Eslatib o‘tamiz, uchayotgan taksi va kvadroportlar Qozog‘istonda Alatau shahri qurilishi doirasida paydo bo‘ladi. Aerotaksini Alatau, Olmaota va turistik hududlar o‘rtasida ishga tushirish rejalashtirilgan. Loyihani yaqin 2–3 yil ichida sinovdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 

Avvalroq uchuvchisiz aerotaksilar yo‘lovchilarni Medeodan Almati aeroportiga 10 daqiqada, soatiga 300 kilometrdan yuqori tezlikda yetkazishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Alatauda aerotaksi allaqachon ilk bor sinovdan o‘tkazilgan.

Teglar

Mavzuga oid