Ramzan Qodirov Checheniston rahbari vorisligiga nomzodni o‘zgartirdi— OAV
Qayd etilishicha, asosiy o‘g‘il va ehtimoliy voris roli, aftidan, Checheniston rahbarining to‘ng‘ich o‘g‘li — Ahmatga o‘tgan.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zining 18 yoshli o‘g‘li Adamni endi asosiy voris sifatida ko‘rmayapti, deb yozdi «Novaya gazeta Yevropa».
Qodirov tomonidan e’lon qilingan, oila a’zolarining Ramazon bayrami tantanalaridagi ishtiroki aks etgan videolarga tayanib, nashr shunday xulosaga keladi: «asosiy o‘g‘il va ehtimoliy voris roli, aftidan, Checheniston rahbarining to‘ng‘ich o‘g‘li — Ahmatga o‘tgan». Endi aynan u hamma yerda otasining yonida ko‘rinish bermoqda va muhim uchrashuvlarda unga hamrohlik qilmoqda.
Qodirovning atrofidagi manba Adamning «maqomi pasayganini» tasdiqladi. Bunga yaqinda yuz bergan YTH (yo‘l-transport hodisasi) sabab qilib ko‘rsatilmoqda. O‘shanda Checheniston rahbari «qattiq qo‘rqib ketgan va o‘g‘li uchun Moskvadagi katta odamlardan iltimos qilishga majbur bo‘lgan». Keyinroq, Adamning sog‘-omon ekani ma’lum bo‘lgach, u «bor g‘azabini sochib yuborgan».
«Novaya gazeta Yevropa» suhbatdoshi Adamning «jarima o‘rindig‘iga» qancha muddatga yuborilgani hozircha noma’lumligini ta’kidladi.
2026-yil kuzida Chechenistonda respublika rahbari saylovi bo‘lib o‘tishi kerak. Ramzan Qodirov fevral oyida agar Vladimir Putin qo‘llab-quvvatlasa, o‘z nomzodini qo‘yishini aytgan edi. «Novaya gazeta Yevropa»ning iddao qilishicha, prezident administratsiyasida Ramzan Qodirovning yangi muddati hali kuzdayoq kelishib olingan, biroq Putin hozirgacha yakuniy qarorni qabul qilmagan.





