Rossiya «ChatGPT» va «Gemini»ni taqiqlashga tayyorlanmoqda
Rossiya raqamli rivojlanish vazirligi sun’iy intellektni tartibga solish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etdi, biroq loyihada huquqshunoslar va foydalanuvchilar e’tibor qaratayotgan muhim paradoks bor.

Rossiya raqamli rivojlanish vazirligi sun’iy intellektni tartibga solish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etdi. Unda «chegaralararo SI texnologiyalari» tushunchasi kiritilib, xorijiy neyrotarmoqlar faoliyatini cheklash uchun huquqiy asos yaratiladi. Asosiy e’tiroz – foydalanuvchi ma’lumotlarining xorij serverlarga uzatilishi. Qonunni 2027-yil 1-sentabrdan kuchga kiritish rejalashtirilgan. Bu haqda «RIA Novosti» xabar bermoqda.
Nima ma’lum?
Tashabbus mohiyati axborot oqimlarini nazorat qilishga qaratilgan. Rossiyada kunlik auditoriyasi 500 ming kishidan oshadigan xorijiy SI xizmatlari rossiyalik foydalanuvchilar ma’lumotlarini (so‘rovlar, muloqotlar, metama’lumotlar) mamlakat hududida kamida uch yil saqlashi shart bo‘ladi.
Biroq global kompaniyalar bu talabni bajarish uchun Rossiyada data-markazlar joylashtirishi ehtimoli kam. Chunki bunday holatda ular rasmiy taqiq xavfiga duch kelishi mumkin.
Allaqachon cheklangan xizmatlarni bloklash
Qonun loyihasida huquqshunoslar va foydalanuvchilar e’tibor qaratayotgan muhim paradoks bor:
«ChatGPT» va «Claude» allaqachon ishlab chiqaruvchilar tashabbusi bilan Rossiyada rasman ishlamaydi (IP bo‘yicha bloklash, Rossiya kartalari bilan to‘lov taqiqlangan). Ularga, shuningdek, «Gemini»ga kirish asosan «VPN» yoki «API» orqali amalga oshiriladi.
Qonun kimlarga ta’sir qiladi: u to‘g‘ridan to‘g‘ri xalqaro korporatsiyalardan ko‘ra, ichki bozorga qaratilgan. Xavf ostida – xorijiy SI yechimlariga «yashirincha» ulanib ishlaydigan mahalliy agregatorlar, «Telegram»-botlar va korporativ integratsiyalar.
Xitoyga tayanish
Muqaobil sifatida biznes va davlat sektorga ochiq kodli modellardan foydalanish taklif etilmoqda. Xususan, «Alibaba»ning «Qwen»i yoki «DeepSeek» kabi modellari.
Bu modellar arxitekturasi neyrotarmoqni mahalliy serverlarda ishga tushirish imkonini beradi. Bunday «yopiq muhit»da ma’lumotlar mamlakat ichida qoladi va tashqariga chiqmaydi.





