
Rossiya hisobotida Turkiya Markaziy Osiyoda kuchayayotgani qayd etildi
Rossiya tahlilchilari Turkiyaning Markaziy Osiyoda iqtisodiy va institutsional ta’siri tizimli ravishda kengayayotganini qayd etmoqda.
© Foto: Prezident matbuot xizmati Rossiyaning eng nufuzli tahlil markazlaridan biri — Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti (IMEMO) tayyorlagan so‘nggi hisobot Turkiyaning Markaziy Osiyodagi o‘rni Moskva nuqtayi nazaridan qanday qabul qilinayotganini yoritadi. Hujjatda Anqaraning energiya, savdo va logistikaga tayanayotgan iqtisodiy tashabbuslari mintaqa uchun yangi geosiyosiy vazn markazini shakllantirayotgani ta’kidlanadi. Rossiya bu jarayonni ochiq raqobat emas, balki ehtiyotkor kuzatuv siyosati orqali baholamoqda, deb yozmoqda Turkiyaning «Haber Global» nashri.
Hisobotda Turkiyaning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi roli alohida o‘rin egallaydi. Tashkilotning «Turkiy dunyo — 2040» konsepsiyasi mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan bo‘lib, uning xalqaro maydondagi asosiy maqsadi BMTda kuzatuvchi maqomini qo‘lga kiritish hisoblanadi. IMEMO tahlilchilari bu jarayonni texnik emas, balki siyosiy xarakterga ega strategik harakat sifatida baholaydi.
Rossiya uchun yana bir sezilarli omil — TDT bilan Moskva yetakchilik qiladigan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasidagi yashirin raqobatdir. Rossiya diplomatik doiralarida TDTning xalqaro legitimlikka erishishi Yevroosiyo makonidagi kuchlar muvozanatiga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etilmoqda.
Turkiyaning mintaqaga kirib borishida Turkmaniston bilan munosabatlar muhim misol sifatida keltiriladi. Uzoq vaqt betaraflik siyosatiga amal qilgan Ashxobod iqtisodiy zaifliklar va energiya eksportidagi cheklovlar sabab yangi hamkorlar izlashga majbur. Turkiya esa turkman gazini Yevropa bozorlariga olib chiqishda ehtimoliy tranzit yo‘li sifatida ko‘rilmoqda.
IMEMO hisobotiga ko‘ra, Anqara 1990-yillardagi madaniy ritorikadan voz kechib, 2000-yillardan boshlab pragmatik iqtisodiy yo‘lni tanladi. Energetika, infratuzilma va logistika sohalaridagi aniq loyihalar Turkiyani Rossiya va Xitoyga nisbatan «muvozanatlovchi o‘yinchi»ga aylantirmoqda.
Hisobotning umumiy ruhi Turkiyaga nisbatan ochiq qarshilikni emas, balki ehtiyotkor monitoringni aks ettiradi. Rossiya strategik doiralari TDTning institutsional chuqurlashuvi va Turkiyaning energiyaga tayanayotgan ta’sirini Yevroosiyo kelajagi uchun muhim omil sifatida diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda.





