add

Rossiya migrantlarning bepul davolanishini cheklamoqda

Kecha 07:581921 Daqiqa

Yangi qonunga ko‘ra, mehnat muhojirlari faqat mamlakatda besh yillik sug‘urta stajiga ega bo‘lgan taqdirdagina bepul tibbiy yordam olishlari mumkin.

Rossiya migrantlarning bepul davolanishini cheklamoqda

Rossiya Davlat dumasi chet ellik ishchilar uchun majburiy tibbiy sug‘urta polisini berish qoidalarini qattiqlashtirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Bu haqda Davlat dumasi matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinga ko‘ra, hujjat davlat hisobidan bepul davolanishga ruxsat beruvchi sug‘urta Rossiyada kamida besh yil qonuniy ishlagan muhojirlarga taqdim etilishini nazarda tutadi. Istisno faqat favqulodda holatlar uchun amal qilishini qo‘shimcha qildi.

«Mamlakatimizga ishlash uchun kelgan va yuqori standartdagi ijtimoiy kafolatlardan foydalanmoqchi bo‘lganlar halol va qonuniy mehnat bilan bunga haqli ekanliklarini isbotlashlari kerak», - dedi u.

OMC polisi davlat ijtimoiy dasturi doirasida bepul tibbiy yordam olish huquqini tasdiqlaydi. Hozirda bunday hujjatni rasmiylashtirish uchun Rossiyada uch yillik ish staji talab etilmoqda.

Qonun loyihasiga tushuntirish xatida ko‘rsatilishicha, Rossiyada vaqtincha yashab va ishlayotgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun besh yillik ish staji majburiy bo‘ladi.

Yuqori malakali mutaxassislarga istisnolar qo‘llaniladi. Ular amaldagi qoidalar bo‘yicha bepul davolanishga ruxsat beruvchi sug‘urta rasmiylashtirish huquqini saqlab qoladilar. Imtiyozlar Jahon savdo tashkilotiga a’zo mamlakatlar kompaniyalarining filiallari, vakolatxonalari va sho‘ba korxonalariga yuborilgan chet elliklar uchun ham o‘z kuchida qoladi.

Qonun Rossiya prezidenti tomonidan imzolangandan so‘ng kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya migrantlarning bepul davolanishini cheklamoqda | Vaqt.uz