add

Rossiya neftni zararga sotmoqda: Xitoy va Hindiston uchun rekord chegirmalar

Bugun 08:302 daqiqa

Rossiya neft kompaniyalari Xitoy va Hindistonga katta chegirmalar berish ortidan ayrim konlarda neft qazib olishni zarar bilan amalga oshira boshladi.

Rossiya neftni zararga sotmoqda: Xitoy va Hindiston uchun rekord chegirmalar

Rossiya neft sanoati sanksiyalar va bozor bosimi sharoitida tobora qiyin holatga tushmoqda. Xitoy va Hindistonga berilgan rekord chegirmalar tufayli ayrim kompaniyalar neftni amalda zarar bilan sotishga majbur bo‘lyapti, deb yozadi Reuters manbalar va sohadagi tahlilchilarga tayanib.

Argus ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan haftada Rossiyaning Urals navli nefti Boltiq va Qora dengiz portlarida 33–34 dollar atrofida sotilgan. Bu pandemiya davridan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Ushbu narx Brent markasiga nisbatan 27 dollar chegirmani anglatadi. Ayrim partiyalar Xitoy NPZlariga hatto 35 dollar chegirma bilan, deyarli yarim narxda yetkazib berilgan.

Natijada neft qazib olish sohasida rentabellik masalasi o‘ta keskinlashdi. BKS tahlilchisi Kirill Baxtinga ko‘ra, ayrim neft loyihalari, ayniqsa qazib olish sharoiti murakkab bo‘lgan konlar, allaqachon «minus»ga kirib bo‘lgan.

Foyda bilan ishlayotgan asosiy segment — foydali qazilmalar qozib olish uchun soliq (NDPI) bo‘yicha imtiyozli stavka qo‘llaniladigan konlardir. Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, neft ishlab chiqaruvchilarning taxminan 20 foizi nollik NDPI to‘laydi va hozirgi Urals narxlarida ham har barreldan 20 dollar atrofida savdo foydasini saqlab qolyapti. Yana 30 foiz kompaniya imtiyozli stavka hisobiga plyusta qolmoqda.

Energetika va moliya instituti eksperti Maksim Shevirenkovning ta’kidlashicha, asosan Volgabo‘yi va G‘arbiy Sibirdagi eski, infratuzilmaga yaqin konlar o‘zini nisbatan yaxshi his qilyapti. Aksincha, to‘liq NDPI to‘laydigan, geografik jihatdan uzoq va qazib olish qiyin bo‘lgan konlar har barreldan taxminan 5 dollar zarar ko‘ryapti.

Baxtinning hisob-kitoblariga ko‘ra, Urals narxi 40 dollar atrofida bo‘lgan sharoitda har barrelning taxminan 65 foizi (26 dollar) soliqlarga ketadi. Yana 4 dollar qazib olish xarajatlari, 7 dollar transport sarflariga to‘g‘ri keladi. Kompaniya ixtiyorida esa bor-yo‘g‘i 3 dollar qoladi, bu mablag‘ esa investitsiya, burg‘ulash va kelgusi ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli emas.

Sanksiyalar tufayli G‘arb texnologiyalaridan mahrum bo‘lgan neft sohasi sekin-asta tizimli inqirozga yaqinlashayotganini Harvard universiteti qoshidagi Davic markazi eksperti Kreyg Kennedi ham qayd etadi.

2025 yil birinchi yarmida «Rosneft» foydasi uch baravarga, «Lukoil» — ikki baravarga, «Gazpromneft» — 54 foizga kamaydi. «Surgutneftegaz» esa 6 oyda 454 mlrd rubl yo‘qotib, umuman zarar ko‘rdi. Neft-gaz budjet daromadlari yanvar–noyabr oylarida 21 foizga qisqardi, dekabrda esa 2020 yil avgustidan beri eng past darajaga tushishi kutilmoqda.

Hukumat 2026 yil byudjeti hisob-kitoblarini Urals narxi 56 dollar bo‘ladi degan ssenariy asosida taxlagan. Ammo amaldagi narxlar bu darajadan qariyb uchdan birga past. Iqtisodchi Yegor Susinning fikricha, bu holat neft-gaz daromadlarida katta kamomad xavfini kuchaytiradi va yanvar oyida bu jarayon yanada tezlashishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid