add

Rossiya Oliy sudi Larisa Dolinaning kvartirasi masalasida qaror chiqardi

Kecha 08:386462 daqiqa

Rossiya Oliy sudi Larisa Dolina da’vo arizasini rad etib, kvartiraga mulk huquqini xaridor Polina Luryeda qoldirdi va ishni apellyatsiyaga qaytardi.

Rossiya Oliy sudi Larisa Dolinaning kvartirasi masalasida qaror chiqardi

Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi xonanda Larisa Dolinaga tegishli bo‘lgan kvartira bo‘yicha da’vo ishida yakuniy qaror chiqardi. Sud xaridor Polina Luryening huquqlarini qondirib, kvartiraga mulk huquqini unda qoldirdi hamda Dolinaning da’vosini rad etdi, deb xabar bermoqda «Meduza» nashri.

Shu bilan birga, sud Dolinani kvartiradan majburiy chiqarish masalasini yangi ko‘rib chiqish uchun apellyatsiya instansiyasiga yubordi. Shu paytgacha xonanda ushbu uyda yashab kelayotgan edi.

Rossiya xalq artisti Larisa Dolina firibgarlar tuzog‘iga tushgan va o‘z nomida bo‘lgan kvartirani Polina Luryega sotgan. Lurye kvartirani ipoteka krediti rasmiylashtirib xarid qilgan. Avvalroq birinchi instansiya sudi hamda Moskva shahar sudi Dolina firibgarlar ta’siri ostida kvartira sotganini ro‘kach qilib, kvartirani unga qaytarish to‘g‘risida qaror chiqargan edi. Ular kvartirani sotish bitimini haqiqiy emas deb topib, xonandani mulk egasi sifatida tan olgan. Shuningdek, sudlar Dolina xaridordan olgan pullarni firibgarlarga topshirgani sababli, mablag‘ni Polina Luryega qaytarmaslikka ham ruxsat bergan edi.

Bu qaror jamoatchilikda keskin e’tirozlarga sabab bo‘lgan. Ko‘plab kuzatuvchilar xaridor insofli ekani va qonuniy ravishda kvartira sotib olganiga qaramay, ham uydan, ham puldan mahrum bo‘lganini adolatsiz, deb baholagan. Ijtimoiy tarmoqlarda Larisa Dolinaga nisbatan tanqid kuchayib, ayrim foydalanuvchilar xonandadan «voz kechish» chaqiriqlarini ilgari surgan.

Kuchli jamoatchilik bosimi fonida Larisa Dolina keyinchalik Polina Luryega kvartira uchun to‘langan mablag‘ni ixtiyoriy ravishda qaytarishga tayyor ekanini bildirgan edi. Biroq Oliy sud qarori bilan bitim qonuniy deb topilib, kvartiraga mulk huquqi xaridor tomonida qoldi.

Ushbu qaror Rossiya sud amaliyotida mulk huquqi, firibgarlik oqibatlari va xaridorlarning huquqiy himoyasi masalalarida muhim pretsedent sifatida baholanmoqda. Ish shu darajaga borib yetdiki, ikkilamchi bozordagi kvartiralar oldi-sotdisida pensionerlarga tegishli kvartiralar sotuvida qiyinchilar vujudga kela boshladi.

Teglar

Mavzuga oid