
Rossiya propogandasi Qirg‘izistonga kirmoqda. «Nomad» nomli yangi telekanal ishga tushiriladi
Telekanal Kreml tomonidan moliyalashtiriladigan RT targ‘ibot kanali hamda Moldovadan qochgan biznesmen Ilon Shor bilan bog‘liq.

Qirg‘izistonda Rossiya tomonidan moliyalashtiriladigan targ‘ibot sistemasi kengaymoqda: u yerda RT kanali bilan bog‘liq yangi «Nomad» telekanali ishga tushiriladi. Bu haqda «Meduza» nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, telekanal tashkil etilayotgani haqida ilk ma’lumotlar bir necha oy oldin paydo bo‘lgan. Yangi OAV uchun xodimlar yollash avval Qirg‘izistondagi Rossiya agentligi — Sputnikning mahalliy ofisida ishlagan muharrirlar tomonidan olib borilgan. Yangi kanaldagi lavozimlardan birini Sputnikning Qirg‘izistondagi bosh muharriri Erkin Alimbekov egallagan. Uning rafiqasi, Milliy teleradiokompaniya jurnalisti Svetlana Akmataliyeva esa ishga qabul qilingan xodimlarni o‘qitmoqda.
«Nomad» o‘z jamoasini Qirg‘izistondagi boshqa OAVlardan ham to‘ldiryapti. Bir nechta jurnalistlar davlat teleradiokompaniyasidan, yana boshqalari «7-kanal»dan yangi telekanalga ishga o‘tgan.
«7-kanal» direktori va Qirg‘iziston jurnalistlar uyushmasi raisi Ilyosbek Baltashevning aytishicha, kadrlar o‘zgarishining asosiy sababi — yuqori maosh. Mahalliy OAV esa «tashqaridan moliyalashtirilayotgan yirik media tuzilmalar» bilan raqobat qila olmayapti.
Yangi kanalni kim moliyalashtirishi hozircha noma’lum. Baltashevning aytishicha, «uni Rossiya moliyalashtirishi mumkinligi haqida gap-so‘zlar bor».
Yangi kanalning bosh prodyuseri — rossiyalik Anna Abakumova. U avval Russia Today (RT) mediaguruhida ishlagan. Rossiya Ukraina bilan urush boshlagach, Abakumova Rossiya bosib olgan hududlarda — Lugansk va Donetsk oblastlarida, jumladan vayron bo‘lgan Mariupolda ham reportajlar tayyorlagan.
Jurnalistlarning aytishicha, «Nomad» uchun yollangan xodimlar maxsus «Yevroosiyo» markazida o‘qitilmoqda. Bu muassasa Rossiyada 2024 yilda tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilot bo‘lib, madaniyat, ta’lim, tibbiyot, yoshlar bilan ishlash va media yo‘nalishlarida loyihalar yuritadi, jurnalistlar hamda blogerlarga grantlar beradi.
Ma’lum qilinishicha, «Yevroosiyo»ni moldovalik biznesmen Ilon Shor tashkil qilgan. Tashkilot vasiylik kengashi tarkibida RT bosh muharriri ham, Rossiya Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ham bor. Qirg‘izistonda esa Shor va uning tuzilmalari keng ko‘lamli faoliyat boshlab yuborgan: jurnalistika va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha kurslar tashkil qilgan, maktablarga avtobuslar sovg‘a qilgan, Bishkekda «Yevroosiyo» bog‘ini barpo etgan, shuningdek, arzon narxli ijtimoiy do‘konlar ochgan.
Hozir Qirg‘izistonda o‘nlab xorijiy ommaviy axborot vositalari yoki ularning filiallari faoliyat yuritmoqda: AQSH Kongressi tomonidan moliyalashtiriladigan «Ozodlik radiosi», Britaniyaning «Bi-Bi-Si» korporatsiyasi, Germaniya, Xitoy, Turkiya va boshqa mamlakatlar nashrlarining muxbirlari Bishkekda akkreditatsiyadan o‘tgan. Ammo Qirg‘iziston axborot maydonida boshqalarga qaraganda Rossiyaning kun tartibi kengroq taqdim etiladi. U yerda Rossiyaning «Pervыy kanal», «Rossiya 24», «Kultura» va «Zvezda» telekanallari efirga uzatiladi, Rossiya gazetalari («Argumentы i faktы», «Rossiyskaya gazeta», «Moskovskiy komsomolets» va «Komsomolskaya pravda») tarqatiladi, shuningdek, Rossiyaning «Sputnik» axborot agentligi ham faoliyat yuritadi.





