Rossiya sudi «Google»dan jahon YIMidan million baravar ko‘p pul talab qilmoqda

19.02.2026 | 08:552 daqiqa

Rossiya Oliy sudi «Google»dan 91,5 kvintillion rubl undirish qarorini o‘z kuchida qoldirdi — bu summa jahon yalpi ichki mahsulotidan taxminan million baravar katta.

Rossiya sudi «Google»dan jahon YIMidan million baravar ko‘p pul talab qilmoqda

Rossiya Oliy sudi «Google International LLC» kompaniyasining kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmadi va quyi instansiyalar qarorini kuchida qoldirdi. «RIA Novosti»ning xabar qilishicha, sudya Sergey Samuylov ishni qayta ko‘rib chiqish uchun asos topmagan.

Bungacha Moskva Arbitraj sudi 2025 yil bahorida «Google»dan 91,5 kvintillion rubl undirish to‘g‘risida qaror chiqargan edi. Bu taxminan 1,2 kvintillion dollarga teng. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo yalpi ichki mahsuloti 100 trln dollar atrofida. Shu tariqa da’vo summasi jahon YAIMidan million baravarga yaqin yuqori.

Ish tarixi 2020 yilga borib taqaladi. «Sargrad» va RIA FAN YouTube’dagi bloklangan akkauntlarini tiklash talabi bilan «Google LLC», «Google Ireland» va Rossiyadagi «Gugl» MCHJga qarshi da’vo kiritgan. Sud ular foydasiga qaror chiqargan, ammo kompaniya talabni bajarmagan.

 

Astrent mexanizmi

Sud ijro etilmagan har bir kun uchun progressiv astrent belgilagan. Jarima 100 ming rubldan boshlangan va har hafta ikki baravarga oshirilgan. Bu mexanizm summaning geometrik progressiyasiga olib kelgan.

2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng Google mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatdi. 2023 yil oktabrida kompaniya Rossiyada kasod deb e’tirof etildi. Keyinchalik sud penya hisoblashni kasodlik sanasi bilan chekladi.

Shuning natijasida yakuniy summa 91,5 kvintillion rubl etib belgilandi. Bungacha hisoblangan summa 1,81 duodetsillion rublgacha yetgan edi.

Ish bo‘yicha jabrlanuvchilar sifatida «Zvezda», «Perviy kanal», VGTRK va boshqa davlatga yaqin telekanallar ham qatnashmoqda. Ekspertlar bunday summa real undirish nuqtai nazaridan amalga oshmaydigan qaror ekanini ta’kidlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid