
Rossiya Ukrainadagi urushda erkak aholisining 1 foizidan ajraldi — The Economist
The Economist hisoblariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan harbiylari soni mamlakat erkak aholisining 1 foizidan oshishi mumkin.

The Economist tahliliga ko‘ra, Ukrainaga qarshi bosqinchi urushda Rossiya halok bo‘lgan harbiylar soni bo‘yicha tarixiy yo‘qotishlarga duch kelmoqda. Nashr 2020–2021 yillardagi so‘nggi aholi ro‘yxatga olish ma’lumotlariga tayanib, Rossiyada 68 mln dan ortiq erkak yashaganini eslatadi. Shundan kelib chiqib, frontda o‘lgan rossiyaliklar soni 680 ming kishidan oshgan bo‘lishi mumkin. Agar faqat mehnatga layoqatli yoshdagilarni hisobga olsa, yo‘qotishlar taxminan 430 ming nafarga teng bo‘lishi aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, bundan avval G‘arb razvedkalari Rossiyaning umumiy halok bo‘lganlari sonini 115 mingdan 200 ming nafargacha baholagan edi. The Economist esa umumiy yo‘qotishlar — o‘lgan va og‘ir yaralanganlar soni 1 mln dan 1,35 mln nafargacha yetib, bu ko‘rsatkich AQSHning Ikkinchi jahon urushidagi harbiy yo‘qotishlaridan ham yuqori ekanini ta’kidlaydi.
Urush maydonida Rossiyaning hududiy yutuqlari qiyin ahvolda ekani ham ko‘rsatilgan. ISW ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida Rossiya 4562 km² maydonni egalladi — bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 22 foizga ko‘p. Biroq umumiy sur’at juda sekin: uch yilda Rossiya faqat 1,45 foizgina Ukraina hududini qo‘shimcha okkupatsiya qila oldi.
Urush boshlanganidan buyon Rossiya biror yirik ukrain shaharini to‘liq egallay olmadi. Bir yarim yil davomida davom etayotgan Pokrovsk uchun janglar shunday misol bo‘lib, ushbu shahar urushdan avval ham Ukrainadagi kattaligi bo‘yicha 73-shahar bo‘lgan.
The Economist hisobicha, Rossiya Konstitutsiyasiga kiritilgan Xerson, Zaporijjya, Donetsk va Luhansk oblastlarining qolgan qismini bosib olishi uchun kamida yana ikki yarim yil, ya’ni 2028 yil mayigacha jang qilish kerak bo‘ladi.
NATO ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil noyabrida Rossiya har kuni Ukrainada o‘rtacha 1100 harbiy yo‘qotgan — bu oktabr oyidagi ko‘rsatkichdan ham yuqori. Umumiy o‘lgan va yaralanganlar soni esa 1,15 mln nafarga yaqinlashgani aytilgan.





