Logo

Rossiyada 2027-yildan daromadi haqida ma’lumot bo‘lmagan migrantlarning patenti bekor qilinadi

Kecha 12:053 daqiqa

Rasmiylar migrantning ishlayotgani haqidagi ma’lumotlarni uning rasman ko‘rsatilgan daromadi bilan solishtirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu tekshiruv ishlash ruxsatnomasi yoki patent olish va uni uzaytirish jarayonida amalga oshiriladi. Ishlash patenti bekor qilingan taqdirda mamlakatdan chiqib ketish muddatlari ham belgilanadi.

Rossiyada 2027-yildan daromadi haqida ma’lumot bo‘lmagan migrantlarning patenti bekor qilinadi © rg.ru

2027-yil 1-yanvardan Rossiyada xorijlik ishchilarning daromadini nazorat qilish bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kiradi. Agar davlat idoralarida migrantning qancha daromad olgani haqida zarur ma’lumotlar bo‘lmasa, unga ishlash ruxsatnomasi yoki patent berilmaydi. Avval berilgan hujjatlar ham bekor qilinishi mumkin. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining migratsiya xizmati xabar berdi.

«2027-yil 1-yanvardan boshlab xorijiy fuqaroning uch, olti, to‘qqiz va 12 oy davomida olgan daromadi haqida ma’lumot bo‘lmasa, unga ishlash ruxsatnomasi yoki patent berilmaydi. Avval berilgan hujjatlar ham bekor qilinadi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Migrantlarning daromadi qanday tekshiriladi?

Ichki ishlar vazirligi daromadni nazorat qilishning yangi tizimi bosqichma-bosqich joriy etilayotganini ma’lum qildi. 2026-yil 1-oktabrdan Rossiya Federal soliq xizmati xorijiy fuqarolarning daromadlari haqidagi ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligiga yuborishni boshlagan. Bu ma’lumotlar migrantlarning uch, olti, to‘qqiz va 12 oy davomida olgan rasmiy daromadlarini qamrab oladi.

25-oktabrdan Rossiya Ijtimoiy jamg‘armasi ham ushbu ma’lumot almashinuviga qo‘shilgan. Jamg‘arma davlatning elektron axborot tizimlari orqali xorijiy fuqarolarning ish joyi va mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligiga taqdim etadi. Natijada Rossiya rasmiylari migrantning ishlayotgani haqidagi ma’lumotlarni uning rasman ko‘rsatilgan daromadi bilan solishtirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu tekshiruv ishlash ruxsatnomasi yoki patent olish va uni uzaytirish jarayonida amalga oshiriladi.

Migrantlar oilasini ta’minlash uchun yetarli daromadga ega bo‘lishi kerak

2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan yana bir o‘zgarish Rossiyada yashaydigan xorijiy ishchilar va ularning oila a’zolarini moliyaviy ta’minlash bilan bog‘liq. Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, xorijiy fuqarolar o‘zini va Rossiyada birga yashayotgan qaramog‘idagi oila a’zolarini ta’minlash uchun yetarli daromadga ega ekanini tasdiqlashi kerak bo‘ladi.

Buning uchun zarur bo‘lgan eng kam daromad miqdori har bir hududda belgilangan yashash minimumi asosida hisoblanadi. Bunda Rossiya hududlari uchun alohida belgilangan koeffitsiyent ham inobatga olinadi.
Agar xorijiy fuqaro bir vaqtning o‘zida bir nechta hududda ishlasa, talab qilinadigan daromad miqdori eng yuqori yashash minimumi belgilangan hudud asosida hisoblanadi. Demak, migrant qancha daromad topishi kerakligi u ishlayotgan hududga qarab farq qiladi.

Migrantlarning farzandlari uchun qanday qoidalar belgilanmoqda?

Yangi tartib Rossiyada ishlayotgan xorijiy fuqarolarning voyaga yetmagan farzandlari mamlakatda qancha muddat qolishi mumkinligini ham belgilaydi. Agar ota-ona patent asosida ishlasa, farzandining Rossiyada vaqtincha qolish muddati ota-onaning patenti amal qiladigan davrgacha uzaytiriladi. Biroq bu muddat bola 18 yoshga to‘lguniga qadar amal qiladi. Buning uchun patent bo‘yicha oldindan to‘lanadigan soliq to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilishi shart.

Migrantning farzandi 18 yoshga to‘lgach, 30 kun ichida Rossiyadan chiqib ketishi yoki mustaqil ravishda patent olib, belgilangan to‘lovlarni amalga oshirishi va ishga joylashishi kerak bo‘ladi. Ichki ishlar vazirligi patentning amal qilish muddati tugaganda yoki u bekor qilinganda mamlakatdan chiqib ketish tartibini ham tushuntirdi. Agar xorijiy fuqaroning patenti uzaytirilmasa yoki bekor qilinsa, uning o‘zi va voyaga yetmagan farzandlari Rossiyada qolish uchun boshqa qonuniy asosga ega bo‘lmagan taqdirda, 15 kun ichida mamlakatni tark etishi kerak.

Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev Federatsiya Kengashidagi hukumat soati davomida yangi choralar mamlakatdagi ijtimoiy xizmatlarga tushayotgan yukni kamaytirishga qaratilganini aytdi.

Vazirning ta’kidlashicha, o‘zgarishlar xorijiy fuqarolarning mehnat faoliyati va o‘zini hamda oilasini ta’minlash imkoniyatini nazorat qilishni kuchaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonda ish haqi va bandlik oshgan bo‘lsa-da, korxonalar taklif qilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari 9,8 foizga kamayganini ma’lum qilgandi. Mehnat bozoridagi o‘zgarishlar migratsiyaga ham ta’sir qilib, Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan o‘zbekistonliklar soni qisqargan.

Teglar

Mavzuga oid