Rossiyada hisobraqamlardan pul o‘g‘irlash operatsiyalari rekord darajaga yetdi

16.02.2026 | 10:552 daqiqa

2025 yilda rossiyaliklar hisobraqamlaridan o‘g‘irliklar soni ilk bor 1,5 mlndan oshdi. Firibgarlar esa bank kartalaridan ko‘ra masofali bank xizmatlari va tezkor to‘lovlar tizimini afzal ko‘rishmoqda.

Rossiyada hisobraqamlardan pul o‘g‘irlash operatsiyalari rekord darajaga yetdi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiyada firibgarlar tomonidan sodir etilgan pul o‘g‘irliklari soni ilk bor 1,5 mln operatsiyadan oshdi. Bu haqda «Kommersant’» nashri Rossiya markaziy banki ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda. Regulyator va bozor ishtirokchilari qayd etishicha, jinoyatchilar bank kartalaridan ko‘ra masofaviy bank xizmatlari va tezkor to‘lov tizimlariga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

2025 yilda o‘g‘irlangan mablag‘lar umumiy hajmi 29,3 mlrd rublni tashkil etdi. Bu 2024 yilga nisbatan 1,8 mlrd rublga ko‘p. Kamayish faqat bank kartalari segmentida kuzatilib, u yerda yo‘qotishlar 1,5 mlrd rublga qisqargan. Biroq masofali bank xizmatlari orqali o‘g‘irliklar 1 mlrd rublga, tezkor to‘lovlar tizimi orqali 1,7 mlrd rublga oshgan. Elektron hamyonlar segmentida o‘sish 70 foizni tashkil etib, 170 mln rublga yetgan.

Mutaxassislar bu o‘zgarishni firibgarlik usullarining transformatsiyasi bilan izohlamoqda. Ilgari noqonuniy kartalardan yechib olish sxemalari ustun bo‘lgan bo‘lsa, hozir ijtimoiy muhandislik va masofaviy kirishni buzish holatlari ko‘paygan.

Antifrod tizimlar

«Reksoft» kompaniyasi vakili Yelena Golyayeva ta’kidlashicha, kartalar bo‘yicha antifrod tizimlari so‘nggi yillarda ancha kuchaygan va noodatiy operatsiyalarni samarali aniqlaydi. Biroq mobil ilovalar yoki tezkor to‘lovlar tizimi orqali o‘tkazmalar mijoz tomonidan tasdiqlangani uchun texnik jihatdan qonuniy ko‘rinishga ega bo‘ladi.

Natijada yirik summalar masofali bank xizmatlari va tezkor to‘lovlar tizimi orqali chiqarilmoqda. Bu kanallar operatsiyalarni maydalash va mablag‘larni tarqatish uchun qulay. Shu bilan birga, banklarning avtomatik bloklash imkoniyatlari cheklangan.

«RTM Group» vakili Fyodor Muzalevskiyga ko‘ra, tezkor to‘lovlar tizimi orqali to‘lovlar ulushi ortgani sari firibgarlik sxemalari ham shu yo‘nalishga ko‘chmoqda. U 2026 yilda tezkor to‘lovlar tizimi orqali o‘g‘irliklar ustunlik qilishi va karta operatsiyalari bilan farq yanada oshishini prognoz qildi.

Tendensiya va xatarlar

Ekspertlarning fikricha, masofaviy xizmatlar rivoji va to‘lovlar raqamlashuvi firibgarlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Mijoz tomonidan tasdiqlangan operatsiyalar bo‘yicha bank mas’uliyati cheklangani esa xatarni oshiradi.

Shu bois bozor ishtirokchilari 2026 yilda axborot xavfsizligiga sarflanadigan investitsiyalar oshishi va mijozlarni xabardor qilish choralari kuchaytirilishini kutmoqda.

Teglar

Mavzuga oid