Rossiyaning O‘zbekiston meva-sabzavotlariga cheklov kiritgani haqidagi xabarlar rad etildi

Bugun 16:552 daqiqa

Rossiya Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlari importiga nisbatan hech qanday cheklov joriy etilmaganini ma’lum qildi.

Rossiyaning O‘zbekiston meva-sabzavotlariga cheklov kiritgani haqidagi xabarlar rad etildi © Sergey Bulkin/ TASS

Rossiyaning «Rosselxoznadzor» (Rossiya Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati) idorasi O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlarini olib kirish bo‘yicha cheklovlar joriy etilmaganini ma’lum qildi.

Idora xabariga ko‘ra, 2026 yil 29-may kuni «Rosselxoznadzor» O‘zbekistonning vakolatli organiga texnik muzokaralar o‘tkazish taklifi bilan murojaat qilgan.

«2026 yil 29-may kuni «Rosselxoznadzor» O‘zbekistondagi vakolatli agentlik bilan Rossiyaga o‘zbek meva-sabzavot mahsulotlarini xavfsiz va uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash mexanizmini ishlab chiqish uchun texnik muzokaralar o‘tkazish maqsadida bog‘landi», — deyiladi bayonotda.

Shu munosabat bilan «Rosselxoznadzor» ayrim ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlarga izoh berib, O‘zbekiston mahsulotlarini Rossiyaga import qilish bo‘yicha hech qanday cheklov choralari qo‘llanmaganini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2026 yilning yanvar–fevral oylarida 219,9 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, eksport hajmi qiymat jihatidan 207,3 mln AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27,1 ming tonna yoki 14 foizga ko‘pdir.

Eksport tarkibida sabzavotlar 87,9 ming tonna bilan eng katta ulushni egallagan. Shuningdek, 56,5 ming tonna meva va rezavorlar, 11,8 ming tonna mosh, 5 ming tonna yeryong‘oq va yong‘oqlar hamda 0,2 ming tonna tarvuz-qovun mahsulotlari tashqi bozorlarga yetkazib berilgan. Qolgan 58,5 ming tonna eksport hajmi boshqa turdagi mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Teglar

Mavzuga oid