add

Sadir Japarov: «Qirg‘izistonda o‘lim jazosini tiklash haqida qarorni xalq qabul qiladi»

07.10.2025 | 09:3822655

Qirg‘iziston prezidenti 17 yoshli qizning o‘ldirilishi ortidan jinoyatlarga qarshi kurashish chorasi sifatida o‘lim jazosini qayta joriy etish faqat referendum orqali hal etilishi mumkinligini bildirdi.

Sadir Japarov: «Qirg‘izistonda o‘lim jazosini tiklash haqida qarorni xalq qabul qiladi»
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Kabar» agentligiga bergan intervyusida mamlakatda o‘lim jazosini qayta joriy etish masalasi faqat umumxalq ovoz berish orqali hal qilinishi mumkinligini ta’kidladi. Bu fikrni u 17 yoshli Aysulu M.ning o‘ldirilishi ortidan bildirdi. Prezident so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Qirg‘izistonda ayollar va bolalarga qarshi jinoyatlar, jumladan, zo‘ravonlik va qotillik holatlari sezilarli darajada ko‘paygan. Uning fikricha, jazo choralarini kuchaytirish bu tendensiyani to‘xtatishi mumkin. «Hozir mahkumlar qamoqdan qo‘rqmay qo‘yishdi — turma sharoiti yengillashgan. Ularga bepul ovqat, kiyim-kechak, maoshli ish beriladi, ayrimlari hatto oilalariga pul jo‘natadi. Shu bois, agar o‘lim jazosi joriy etilsa, jinoyatlar soni keskin kamayadi», — dedi Japarovning so‘zlarini keltirmoqda Kaktus.media. Prezident sud xatolarining oldini olish uchun zamonaviy mexanizmlarni joriy etishni taklif etdi — tergov jarayonlarini videoga olish, sud majlislarini onlayn efirda ko‘rsatish va jabrlanuvchi hamda ayblanuvchi yaqinlarining ishtirokini ta’minlashni taklif qildi. Shu bilan birga, u korrupsiyani o‘lim jazosi doirasiga kiritishga qarshi chiqdi. «Bu faqat bolalar va ayollarga nisbatan qotillik va zo‘rlash holatlariga taalluqli bo‘lishi kerak. Korrupsiyani bu yerga aralashtirish xato — aybsizlar jazoga tortilib qolishi mumkin», — dedi u. Japarov so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda yuqori darajadagi korrupsiya deyarli tugatilgan, ammo mahalliy darajada — akim, shahar hokimlari va ayil hukumati darajasida muammolar hali ham mavjud. Prezident ayni paytda har bir mintaqada mablag‘larning sarfi va o‘g‘rilik holatlarini o‘rganayotgan komissiyalar ishlayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Konstitutsiyada o‘lim jazosi taqiqlanganini, ammo bu norma faqat keng jamoat muhokamasi, Konstitutsiyaviy sud xulosasi va referendum orqali o‘zgartirilishi mumkinligini eslatdi. «Agar ko‘pchilik fuqarolar qo‘llab-quvvatlasa, keyingi parlament xalqaro shartnomalardan chiqish va tegishli qonunlarni qabul qilish bilan shug‘ullanadi», — dedi u. «bugungi asosiy vazifamiz — ayollar va bolalar xavfsizligini ta’minlashdir», — deya xulosa qildi Sadir Japarov.

Teglar

Mavzuga oid