Samarqandda hokimlar Xitoy safariga qarindoshlarini yuborgani tasdiqlandi

03.03.2026 | 10:352 daqiqa

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Samarqand viloyatidagi ikki tuman hokimi fermerlar yuborilishi kerak bo‘lgan Xitoy safariga qarindoshlarini yuborganini tasdiqladi.

Samarqandda hokimlar Xitoy safariga qarindoshlarini yuborgani tasdiqlandi

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimliklari tomonidan Xitoyga xizmat safariga yuborilgan delegatsiyalar tarkibida manfaatdorlik va tanish-bilishchilik holatlari aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.

Agentlik xulosasiga ko‘ra, xizmat safariga fermerlar yuborilishi kerak bo‘lgan holatda, ayrim mansabdorlarning o‘g‘illari, turmush o‘rtoqlari va yaqin qarindoshlari delegatsiyaga kiritilgan.

Qo‘shrabot tumani

Qo‘shrabot tuman hokimligi tomonidan Xitoyda Markaziy Osiyo davlatlari professional fermerlari uchun tashkil etilgan seminarga hokimning haydovchisi M.T. hamda o‘g‘li D.D. xizmat safariga yuborilgan. Ushbu seminar fermerlar va soha mutaxassislari uchun mo‘ljallangan bo‘lgan.

Shuningdek, Xitoyda «Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va qayta ishlashni tashkil etish» mavzusidagi o‘quv kurslariga 32 nafardan iborat delegatsiya taqdim etilgan. Ro‘yxat tahlilida hokimning turmush o‘rtog‘i M.Sh. va boshqa mansabdor shaxsning yaqin qarindoshi Ch.H. asossiz kiritilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ro‘yxatdagi N.X. va M.S. ismli shahslar esa 1-son texnikum xodimi sifatida rasmiylashtirilgan, ammo amalda u yerda ishlamasligi aniqlangan.

Kattaqo‘rg‘on tumani

Kattaqo‘rg‘on tumanida ham shunga o‘xshash holat kuzatilgan. 2025 yil 22–30-may kunlari amalga oshirilgan safarda fermerlar o‘rniga hokimning o‘g‘li va hokimlik xodimi qatnashgan. Ularning safar maqsadiga bevosita aloqasi bo‘lmagani ta’kidlanmoqda.

2021 yil 16-iyundagi PF-6247-son farmoniga ko‘ra, mansabdor shaxslarning xorijiy xizmat safarlari haqidagi ma’lumotlar ochiq e’lon qilinishi shart. Biroq Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimliklari ushbu ma’lumotlarni oshkor etmagan.

To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Agentlik korrupsiyaviy holatlarga qarshi kurashni davom ettirishini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid