Samokatdagi Nazarbekov, piyoda yurgan Turdimov va metrodagi Karimova — «Avtomobilsiz kun»ga kimlar amal qildi?

Bugun 21:402 daqiqa

Hamma ham bu tashabbusga birdek amal qildimi? «Vaqt.uz» kunning eng e’tiborga molik kadrlari va tafsilotlarini bir joyga to‘pladi.

Bugun, 25-may kuni butun O‘zbekiston bo‘ylab navbatdagi «Avtomobilsiz kun» aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Aksiya doirasida ko‘plab davlat idoralari rahbarlari va xodimlari ishga jamoat transportida, velosipedda yoki piyoda keldi. Sababi Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq 1-maydan boshlab har oyning 10 va 25-sanalarida davlat xizmatchilariga xizmat avtomobillaridan foydalanish taqiqlangan.

«Vaqt.uz» turli vazirlik va idoralar matbuot xizmatlari bilan bog‘lanib, amaldorlar aksiyani qanday o‘tkazganini o‘rgandi.

image_2026-05-25_21-31-39

Foto: Madaniyat vazirligi

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov uyidan ish joyiga samokatda yetib keldi.

image_2026-05-25_21-45-12

Foto: Energetika vazirligi

Energetika vaziri matbuot kotibi Dildora Hoshimovaga ko‘ra, Jo‘rabek Mirzamahmudov ishga velosipedda kelgan.

image_2026-05-25_22-03-34

Ijtimoiy tarmoqlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova matbuot kotibi Dilfuza Sobirova bilan birgalikda ishga metroda kelgani hamda xizmat davomida piyoda yurgani aks etgan videolar tarqaldi.

image_2026-05-25_21-55-00

Foto: Transport vazirligi

Sohaning bevosita mas’ullari — Transport vaziri Ilhom Mahkamov va vazirlik jamoasi ish joyiga jamoat transportidan foydalangan holda yetib kelishdi.

turdimov

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Sirdaryo viloyati hokimi matbuot kotibi Manuchehr Mirzayevga ko‘ra, Erkinjon Turdimov Prezidentning viloyatdagi Xalq qabulxonasida fuqarolar qabulini o‘tkazib, ishxonasiga matbuot kotibi bilan birgalikda piyoda qaytgan.

photo_2026-05-25_21-43-07

Foto: Sport vaziri Adham Ikromov

Sport vaziri Adham Ikromovning Toshkent metropolitenidan foydalanib, yo‘l haqini to‘layotgani aks etgan surati tarqaldi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatovning aytishicha, Sherzod Shermatov ayni paytda xorijiy xizmat safarida bo‘lib turibdi, biroq vazirlik xodimlari cheklovga amal qilgan. Xususan, Sherzod Ahmatov o‘zi uyidan ishxonasigacha piyoda kelgan.

Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimovaga ko‘ra, poytaxt hokimi va bir nechta o‘rinbosarlar xizmat safarida. Qosimovaning o‘zi esa ishga metroda borib kelgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda hokimlik binosi atrofida mashinalar ko‘p ekanini ko‘rish mumkin.

Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyevning ma’lum qilishicha, qo‘mita xodimlarining xizmat avtomashinalaridan foydalanmasligi to‘liq ta’minlangan. Qo‘mita raisi Akmalxo‘ja Mavlonovning aynan qaysi transportda kelgani ochiq aytilmadi.

22

Foto: O‘zgidromet agentligi

O‘zgidromet agentligi jamoasi ham «Avtomobilsiz kun» tadbiri doirasida shaxsiy transportdan voz kechib, ishga muqobil transportlarda yetib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston shaharlarida transport vositalari chiqaradigan zararli tashlamalar hajmini qisqartirish maqsadida joriy etilgan ushbu aksiya endi har oyda ikki marta muntazam o‘tkazib boriladi.

Teglar

Mavzuga oid