Savdosi qariyb 30 foizga qisqargan «Cobalt» ishlab chiqarishi 20 foizdan ortiq o‘sdi
2026 yilning to‘rt oyida O‘zbekistonda 150 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarilgan. Eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomobil esa an’anaviy tarzda hali ham «Cobalt» bo‘lib qolmoqda.
© uzavto2026- yil yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda jami 150 726 dona avtomobil ishlab chiqarildi. Shundan 148 859 donasi yengil avtomobillar, 1 867 tasi esa yuk avtomobillari soniga to‘g‘ri keldi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarda ko‘rish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 11 foizga o‘sgan. 2025 yilning yanvar-aprel oylarida 136 799 dona avtomobil ishlab chiqarilgandi.
Alohida modellar kesimida qaralganda, eng katta o‘sish «Cobalt»da kuzatildi. Uning ishlab chiqarish hajmi 44 747 donadan 53 802 donagacha ko‘tarildi.
Shuningdek, «Haval» 2 634 donadan 3 425 donaga, «Tracker» 14 092 donadan 14 518 donaga, «BYD» esa 4 267 donadan 7 011 donagacha ko‘paydi. O‘tgan oylarda pasayish kuzatilgan «KIA» ham 8 680 donadan 8 882 donagacha o‘sdi.
Biroq ayrim modellarda ishlab chiqarish hajmi kamaygani kuzatildi. Jumladan, «Damas» ishlab chiqarish hajmi 29 955 donadan 28 352 donaga tushdi. «Onix» 15 236 donadan 12 259 donaga, «Chery» esa 2 773 donadan 2 572 donaga kamaydi. Ushbu avtomobil modellarida so‘nggi 4 oydan buyon pasayish kuzatilmoqda.

Manba: Statistika qo‘mitasi
Bozordagi holat
2026 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda 121 601 dona avtomobil sotilgan.
Yil boshidan beri sotilgan avtomobillar sonida «UzAuto Motors» ulushi birinchi marta 50 foizdan pastga tushib, 47,8 foizni tashkil qildi.
Taqqoslash uchun, bundan ikki yil avval avtomobil ishlab chiqaruvchisining ulushi 90 foiz atrofida edi. Bu darajada yuqori pasayish ko‘proq «Khorezm Auto»da ishlab chiqarish ko‘payishi hisobiga bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, «Damas» va «Labo» aynan Xorazmda ishlab chiqariladi. Biroq, «Khorezm Auto»ning ulushi bilan ham «UzAuto Motors» ulushi 77,8 foizni tashkil qilgan bo‘lardi.
«UzAuto Motors» foydasi ham 2026 yilda pasayishni boshlagan. Yilning dastlabki choragida kompaniya o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga kamroq foyda oldi va sof foyda 648,3 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Avtokonsern ulushi pasayishiga «BYD», «KIA», «Haval» va «Chery» kabi brendlar ostida avtomobillar savdosi ko‘paygani sabab bo‘ldi.
Shunga qaramay, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan «Chevrolet» brendi ostida sotilgan avtomobillar soni 88 216 tadan 95 727 tagacha ko‘paydi.
Biroq, «BYD» va «KIA» brendi ostidagi avtomobillar savdosi ham sezilarli ko‘paydi. «BYD» gibrid va elektr avtomobillari savdosi 5 953 tadan 10 927 taga ko‘paydi.
Eng ommabop model — «Cobalt» savdosi pasayishda davom etmoqda. Yil boshidan beri 29 923 ta «Cobalt» savdosi amalga oshirilgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkich — 42 504 donaga nisbatan qariyb 30 foizga kamroq.





