add

Sergey Sobyanin: «Moskvada yarim million ishchi yetishmayapti»

Bugun 08:583392 daqiqa

Moskva meri Sergey Sobyaninga ko‘ra, poytaxtda 400–500 ming nafar ishchi yetishmaydi va demografik bosim tufayli migrantlarga ehtiyoj tobora ortib boradi.

Sergey Sobyanin: «Moskvada yarim million ishchi yetishmayapti»

Moskvada ishchi kuchi yetishmasligi 400–500 ming nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyanin Moskva shahar dumasida yillik hisobot bilan chiqish qila turib ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap mavjudligi aniq ish o‘rinlari, ammo ularni to‘ldiradigan kadrlar yo‘qligi haqida ketyapti.

Sobyaninning ta’kidlashicha, kadrlar tanqisligi yaqin yillarda yanada kuchayadi. Shu sababli Moskva hokimiyati xorijdan mehnat migrantlarini jalb qilish siyosatini davom ettiradi. Mer bu holatni ideal yechim deb hisoblamasligini, ammo iqtisodiy va demografik voqelik boshqa yo‘l qoldirmayotganini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, mehnat migrantlari Moskva yalpi hududiy mahsulotining taxminan 5–6 foizini ta’minlaydi. Agar ular shahar iqtisodiyotidan chiqarib tashlansa, bu inflyatsiyaning keskin o‘sishiga, muhim tarmoqlarda ishchi kuchining ketishiga olib keladi. Bu jarayon sanoat, harbiy-sanoat majmuasi kabi sohalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Merning so‘zlariga ko‘ra, kadrlar tanqisligi deyarli barcha sohalarda kuzatilmoqda. Ayniqsa, ishchi kasblar va yuqori malakali mutaxassislarga talab yuqori. U ish o‘rinlarining taxminan 70 foizi aynan shu toifaga to‘g‘ri kelishini qayd etdi.

Sobyanin bu muammoning asosiy sabablaridan biri sifatida yoshlarning ko‘pchiligi oliy ta’limni tanlab, kollej va texnikumlarga qiziqish kamayganini keltirdi. Uning aytishicha, shahar hokimiyati bu «piramidani to‘ntarish», ya’ni kasbiy ta’limga qiziqishni oshirish ustida ishlayapti.

2025-yilda Moskva mamlakat bo‘yicha eng ko‘p bo‘sh ish o‘rinlari joylashgan hududga aylandi. «hh.ru» ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadagi barcha vakansiyalarning 19 foizi yoki 1,8 mln taklifi poytaxt hissasiga to‘g‘ri kelgan. Keyingi o‘rinlarda Sankt Peterburg va Moskva oblasti joylashgan.

Shu bilan birga, eng yuqori o‘rtacha taklif qilinayotgan maosh ham Moskvada qayd etilgan. 2025 yilda u 104 ming rubldan oshib, o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga o‘sgan.

Moskva bandlik xizmati rahbari Andrey Tarasov ma’lumotlariga ko‘ra, shahar iqtisodiyotida 8 mln nafardan ortiq odam ishlaydi. Xalqaro mehnat tashkiloti esa Moskvada ishsizlik darajasi juda past — 0,7 foiz ekanini, biroq malakali kadrlarga talab yuqori bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan.

Teglar

Mavzuga oid