Shahar ko‘chalaridagi noqonuniy poygalar uchun javobgarlik joriy etilishi mumkin
Adliya vazirligi shahar ko‘chalarida noqonuniy poygalarni tashkil etish va unda ishtirok uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Adliya vazirligi noqonuniy poygalarni tashkil etganlik va ularda ishtirok etganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat 17-fevral kuni manfaatdor vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborilgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yo‘llarda noqonuniy ravishda uyushtirilayotgan poygalar yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Bunday holatlar aholi osoyishtaligiga ta’sir ko‘rsatib, ayrim hollarda inson o‘limigacha olib kelayotgani ta’kidlandi.
Rasmiy izohda qayd etilishicha, bu kabi holatlar jamoatchilikning haqli e’tirozlari va xavotirlarini kuchaytirmoqda. Shu bois, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qonunchilikni kuchaytirish zarurati yuzaga kelgan.
Shuni inobatga olib, Adliya vazirligi yo‘llarda noqonuniy poygalarni tashkil etish oqibatida vujudga kelayotgan yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, manfaatdor vazirlik va idoralarga kelishish uchun kiritgan. Hozircha javobgarlikning qanday bo‘lishi haqida ma’lumot berilmagan.
Hujjat belgilangan tartibda kelishilgandan so‘ng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Shundan keyingina uni parlamentga kiritish masalasi ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.





