Logo

Shaharsozlikka noqonuniy aralashgan mansabdorlar 132 mln so‘mgacha jarima tortiladi

Bugun 16:552 daqiqa

O‘zbekistonda shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartibiga noqonuniy aralashganlar uchun ma’muriy va jinoiy jazo belgilandi.

Shaharsozlikka noqonuniy aralashgan mansabdorlar 132 mln so‘mgacha jarima tortiladi © Sun'iy intelekt

O‘zbekistonda shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillariga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi. Prezident tomonidan 2-noyabrda imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Hujjatga ko‘ra, obyektlar qurilishi uchun yer uchastkalarini ajratish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish hamda qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonlariga noqonuniy aralashish javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xususan, vakolatli organlar va xulosa beruvchi tashkilotlarning o‘z vazifalarini bajarishiga mansab vakolatlaridan foydalanib ta’sir o‘tkazish, bosim qilish yoki to‘sqinlik qilish uchun BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha, ya’ni 44 mln so‘mdan 66 mln so‘mgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.

Agar ushbu qilmish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana sodir etilsa, aybdorlarga nisbatan quyidagi jazolardan biri qo‘llanishi mumkin:

— 132 mln so‘mgacha jarima;
— 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
— 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
— 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
— 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash;
— 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan ushbu qonun bilan yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik uchun ham javobgarlik choralari kuchaytirilgani haqida xabar berilgandi.

Jumladan, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari tomonidan suyultirilgan uglevodorod gazini iste’molchilarga maishiy gaz ballonlarida berish BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, ya’ni 1,32 mln so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qonun 2027-yil 5-fevraldan kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid