Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan AQSHga boradi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17–19-fevral kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlarida amaliy tashrif bilan bo‘ladi.

O‘zbekiston rahbari Vashingtonda o‘tadigan Tinchlik kengashi ilk sammitida ishtirok etib, strategik kelishuvlarni imzolashi kutilmoqda. Tashrif AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan amalga oshiriladi.
Sammit AQSH Tinchlik institutida bo‘lib o‘tadi. Unda G‘azo sektorini tiklash, mintaqada gumanitar yordam ko‘rsatish va barqaror tinchlikni ta’minlash masalalari muhokama qilinadi. Mazkur format xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Tashrif doirasida iqtisodiy yo‘nalishga alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekiston yetakchisi Amerikaning yirik kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari ishtirokida strategik loyihalar taqdimotida qatnashadi. Shuningdek, iqtisodiy hamkorlikka oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bu kelishuvlar investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi muloqot savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
O‘zbekiston kengash asoschilaridan biri
22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Tinchlik kengashi nizomini imzoladi. Mazkur hujjatning imzolanishi bilan O‘zbekiston nafaqat tashkilot a’zosiga, balki uning asoschilaridan biriga aylandi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning Vaqt.uz'ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Tinchlik kengashiga hech qanday moliyaviy badal to‘lamasdan qo‘shilgan. Tinchlik kengashining qoidalariga ko‘ra, tashkilotga a’zolik dastlab uch yillik muddatni o‘z ichiga oladi. Biroq, agar biror davlat o‘z ixtiyori bilan birinchi yil davomida 1 milliard dollar miqdoridagi badalni to‘lasa, unga kengashda belgilangan muddatdan ko‘proq vaqt davomida qolish imkoniyati taqdim etiladi.
Qozog‘iston ham Tinchlik kengashiga qo‘shilish uchun 1 milliard dollar miqdoridagi ixtiyoriy badal a’zolik sharti hisoblanmasligi, bu har bir ishtirokchining huquqi ekanini aytib, mamlakat ushbu kengashga a’zolik badalisiz qo‘shilganini ma’lum qilgandi.





