Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya bilan «Yangi Ipak yo‘li»ni barpo etishni taklif qildi
Mirziyoyev Koreyaning ilg‘or texnologiyalari, kapitali va sanoat salohiyatini O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyoning resurslari va geografik imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirishni taklif qildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik» nomli maqolasi Koreya Respublikasining «Thye Chosun Daily» nashrida e’lon qilindi.
Maqolada ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, bugungi alohida strategik sheriklik, savdo-investitsiya munosabatlari va hamkorlikni yangi texnologik bosqichga olib chiqish istiqbollari yoritilgan.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 5 barobarga oshgan. Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari esa 8 milliard dollardan oshgan. Ayni paytda mamlakatda Koreya kapitali ishtirokida 700 dan ziyod qo‘shma korxona va loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mirziyoyev ikki mamlakat iqtisodiyotining o‘zaro to‘ldiruvchanligi katta imkoniyat ekanini ta’kidladi.
«Koreya Respublikasining ilg‘or sanoat salohiyatini O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari va ulkan o‘sish imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirgan holda, sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar, elektromobillar, biofarmatsevtika va «aqlli» qishloq xo‘jaligi kabi kelajak tarmoqlarida yangi taraqqiyot omillarini birgalikda yaratishimiz mumkin», — dedi Prezident.
Mirziyoyevga ko‘ra, O‘zbekiston global qiymat zanjirlariga chuqurroq integratsiyalashishga, Koreya esa ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda. Bu ikki mamlakat ehtiyojlarini bir-biriga moslashtirmoqda.
Yangi Ipak yo‘li
Davlat rahbari bugungi hamkorlikni qadimgi Ipak yo‘lining zamonaviy talqini bilan qiyosladi. Uning fikricha, qadimda Ipak yo‘li tovarlar, g‘oyalar, bilim va texnologiyalar almashinuviga xizmat qilgan bo‘lsa, XXI asrda uni ilg‘or ishlab chiqarish tarmoqlari, raqamli infratuzilma, transport va energetika koridorlari orqali qayta shakllantirish mumkin.
«Ipak yo‘li»ning yangi modeli O‘zbekiston va Koreya munosabatlarini ikki tomonlama savdo doirasidan chiqarib, Markaziy Osiyoni qamrab oluvchi ishlab chiqarish va logistika zanjirlariga aylantirish imkonini beradi.
16-sentabrda Seulda o‘tadigan birinchi «Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi» sammiti ham shu nuqtai nazardan muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston ushbu maydonda siyosiy muloqot, infratuzilma, innovatsiya va madaniy almashinuvni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishni rejalashtirmoqda.





