Logo

Shavkat Mirziyoyev o‘zini qiynayotgan narsa haqida aytdi

O‘zbekiston prezidenti 3 kunlik davlat tashrif bilan Janubiy Koreyada bo‘lib turibdi. Tashrifni ushbu mamlakatdan yoritib borayotgan jurnalist ish jadvali juda tig‘iz ekani, Seul Toshkentdan to‘rt soat oldinda bo‘lgani uchun davlat rahbarining ish kuni tonggi soat 04:00 da boshlanayotganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zini qiynayotgan narsa haqida aytdi © president.uz

Jurnalist Aziza Qurbonovaning yozishicha, O‘zbekiston prezidentining davlat tashrifini yoritish uchun borgan jurnalistlarga ham, butun delegatsiyaga va hattoki prezidentga ham vaqt yetmayapti. Mirziyoyev Seulda bo‘lib o‘tgan vatandoshlar bilan muloqotida shunday dedi:

«Men mashinada ko‘p yuraman, ko‘chada bir-biri bilan muloqot qilib ketayotgan yoshlarni ko‘rib o‘ylayman: qani endi ular eng baxtli kunlari shu ekanini bilsalar… Bilasizlarmi, prezident bo‘lib meni nima qiynaydi? Menga vaqt yetmaydi!» — dedi davlat boshlig‘i.

Vaqt bilan yetishmovchilikni esa jurnalist shunday tasvirlaydi:

«Tasavvur qiling, Seul 4 soat oldinda. 15-sentabr O‘zbekistonda tonggi 6 bo‘lganida davlat rahbarining Koreya Milliy assambleyasida uchrashuvi bo‘layotgandi. Prezidentimiz parlament spikeri bilan xayrlashayotganida aytgan gaplari qulog‘imga chalindi: “Ishlarimiz juda ko‘p, soat 4 da uyg‘onishga to‘g‘ri kelyapti”. 

Ishlarimiz juda ko‘pning ma’nosi, menimcha, shunday: prezidentning ish dasturida tushga qadar 1 ta uchrashuv, 1 ta qabul, yana 200 kishilik O‘zbekiston-Koreya biznes forumida nutq, hujjatlarni imzolash marosimi, O‘zbekiston viloyatlarida 5 ta qo‘shma yangi loyihaga start marosimi, Koreyaning 10 ta chebol kompaniyasi (ko‘p tarmoqli ulkan oilaviy biznes) bilan tet-a-tetlar. Bu vaqtda esa yana bir zalga odamlar to‘plandi, Koreyada yashayotgan, o‘qiyotgan 50 ga yaqin vatandoshlar mahtal turibdi. Bu ishlarni boshida turish tugul, shunchaki o‘qib ko‘rsangiz ham “ehhe” devorasiz.

Kostyum-shim kiygan jiddiy odamlarning gaplarini eshitib qolaman: “balki vatandoshlar bilan uchrashuv “otmen” bo‘lar? Uchrashuvga kirmang, deb ayta qolamiz, sammitga tayyorgarlik ko‘rishlari kerak, hali “obed” ham qilmadilar”.

Tushlik qilmay ishlashlariga biz ham guvohmiz, ayniqsa, xorijda tadbir-tadbirga ulanib ketaveradi. Ko‘proq odam bilan gaplashishga harakat qiladi prezident. Ko‘proq foyda olib ketay yurtimga, deydi prezident», — deya yozdi Qurbonova.

U, shuningdek, davlat rahbarining tushlik qilmay ishlashlariga ham guvoh bo‘lgani, ayniqsa, xorijda tadbir-tadbirga ulanib ketaverishini yozdi.

«Ko‘proq odam bilan gaplashishga harakat qiladi prezident. Ko‘proq foyda olib ketay yurtimga, deydi prezident. Bir kun ichida nihoyatda ko‘p odam bilan gaplashib, topshiriqlar bergani, nutq o‘qigani —“non-stop” rejimi o‘z ta’sirini ko‘rsatadi: prezident ba’zan tomog‘i qirilayotgani uchun uzr so‘raydi, “bular menga suv ham bermaydi” deb yarmi hazil, yarmi chin aytadi.

Auditoriya yoshlardan iborat. “El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiatlari, yoki “allaqachon tup qo‘yib palak yozganlar” — 50 $dan biznes boshlab, bugun O‘zbekistondan import qilayotganlar, yoki universitetda 7 koreys talabaga o‘zbek tilini o‘rgatishdan boshlab, hozir yiliga 70 dan ortiq talaba o‘qitayotgan olimalar ham bor.

Prezident ularga tashrif tafsilotlarini tushuntiradi, nega Koreyaga kelgani, munosabatlarimiz qanday rivojlanib borayotgani, shu yerdagi fuqarolarga qanday ko‘mak berish mumkinligi haqida suhbatlashadi. 10 ga yaqin yoshlarning takliflarini tinglaydi», — deya post joyladi jurnalist.

Uning aytishicha, shu payt protokol xizmati bir necha bor rahbar oldiga borib, soat 9 bo‘lganini eslatgan. Davlat rahbari esa muloqotda davom etgan. Jurnalistlar mag‘zini chaqishga uringan.

«To‘xtovsiz ishlayotganlariga 9 soat bo‘ldimi yoki muhim tadbir boshlanishiga 9 soat qoldimi? Uchrashuvda Koreyada tadqiqot qilayotgan Yelena Chuyanova “tez-tez, shoshilinch madaniyat”ni eslatadi: 빨리빨리 문화 (ppalli-ppalli munxva). Ya’ni, taraqqiyotdan orqada qolmaslik sharti — vaqtni yengish, nafaqat “jisman”, balki “ma’nan yengish”.

Koreyani rivojlantirgan bu madaniyat prezidentimizning “shoshilmasdan shoshilish” prinsipiga o‘xshaydi. Zamondan orqada qolmaydigan O‘zbekiston qurish orzusi bu», — yozadi jurnalist.

O‘zbekiston yetakchisi vatandoshlardan bir daqiqa ham vaqtni bekorga o‘tkazmaslikni, vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni so‘ragan.

«5 yil o‘tadi, 10-15 yil o‘tadi. Kim boshqaradi O‘zbekistonni? Sizlar. To‘g‘ri, sog‘inch qiynaydi. Vatan sog‘inchi alamida ko‘proq ilm olinglar, vatanga sadoqat bilan xizmat qilinglar», — degan prezident.

Jurnalist Aziza Qurbonova 9 soat «tik oyoqda» o‘tgan kun baribir yakunlanmasligi, 16-sentabrda Markaziy Osiyo beshligi va Koreya sammiti bo‘lishi, prezident esa o‘z nutqini, tashabbuslarni tayyorlashini ta’kidlagan.

«Qachon rahbar dam oladi — bu savolga javob topish butun delegatsiya uchun hozircha jumboq», — qo‘shimcha qiladi u.

Mirziyoyev 40 million aholi qarab turganini eslatib, o‘zini ham, boshqalarni ham ishlamagunlaricha tinch qo‘ymasligini bildirgan.

«O‘zimniyam qiynayman, sizlarniyam, ishlamagunlaringcha qo‘ymayman, bizga 40 million xalq qarab turibdi. Ularni rozi qilishimiz kerak», — deydi u.

Qurbonova esa 9 soatlik «non-stop»ning sirini bilmasligi, lekin maqsad aholini rozi qilish ekanini qayd etadi.

Teglar

Mavzuga oid