Logo

Shavkat Mirziyoyev Qatarga bordi

O‘zbekiston Prezidenti Qatar sobiq amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirish uchun Dohaga bordi.

Shavkat Mirziyoyev Qatarga bordi © Foto: president.uz

Bugun, 14-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati sobiq amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirish uchun Doha shahriga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Hamad xalqaro aeroportida O‘zbekiston rahbarini Qatar Bosh vaziri o‘rinbosari, Mudofaa vaziri Shayx Saud bin Abdulrahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan.

Tashrif doirasida Qatar Davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Qatarning sobiq amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy 1995 yildan 2013 yilga qadar mamlakatni boshqargan. Aynan uning hukmronligi davrida Qatar jahondagi eng yirik tabiiy gaz eksport qiluvchi davlatlardan biriga aylandi, iqtisodiy jihatdan misli ko‘rilmagan darajada rivojlandi va xalqaro maydondagi siyosiy nufuzini keskin oshirdi. 2013 yilda u hokimiyatni tinch yo‘l bilan o‘z xohishiga ko‘ra o‘g‘li – amaldagi amir Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga topshirib, davlat boshqaruvidan ketgan edi. Sobiq amir so‘nggi yillarda sog‘lig‘idagi muammolar sababli jamoatchilik oldida kam ko‘rinish berayotgan edi. 12-iyul kuni Qatarni 18 yil davomida boshqargan sobiq amir 74 yoshida vafot etdi.

Teglar

Mavzuga oid