Shavkat Mirziyoyev So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda ta’kidlanishicha, avvallari So‘x yetib borish qiyin, transport va logistika imkoniyatlari cheklangan, iqtisodiy aloqalari zaif hududlardan biri edi. So‘nggi yillarda mintaqaviy hamkorlik va qat’iy siyosiy iroda tufayli bu hududni kompleks rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. Yangi yo‘llar ochildi, chegaradan o‘tish tartiblari yengillashtirildi, tadbirkorlik uchun sharoitlar yaxshilandi, zamonaviy bog‘cha, maktab, poliklinika va uy-joylar barpo etildi.

Shavkat Mirziyoyev So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi © Foto: president.uz

Bugungi kunda So‘xdagi 25 ta mahallada 88,6 ming aholi yashaydi. Hududda 29 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 33 ta maktab, 2 ta o‘rta maxsus ta’lim muassasasi, 14 ta sog‘liqni saqlash muassasasi va 2 ta madaniyat obyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yilning o‘zida 13 ming 921 ta ish o‘rni yaratildi, 1 ming 667 ta oila kambag‘allikdan chiqarildi. Shu bilan birga, tumanda kambag‘allik darajasi 7,9 foiz, ishsizlik 5,5 foizni tashkil etib, bu ko‘rsatkichlar hali ham respublika o‘rtacha darajasidan yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Taqdimotda mutasaddilar joriy yilda tumanga 40 million dollar investitsiya jalb qilish, 15 million dollarlik eksportni ta’minlash rejasi olingani haqida axborot berdi. Buning hisobiga sanoatda 9 foiz, xizmatlar sohasida 17,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 7,6 foiz o‘sishga erishish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda tumanning turizm salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. So‘xning tabiati mazkur sohani iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylantirish imkonini berishi ta’kidlandi. Masalan, Sarikanda, Rovon va Istiqlol mahallalaridan o‘tgan So‘x daryosi qirg‘oqlarida yangi turizm obyektlarini qursa bo‘ladi. Yoki bu yerda reabilitatsiya, fizioterapiya, dori-darmon logistikasi va tibbiy ta’limni bir hududda jamlagan Tibbiy xizmatlar klasterini tashkil etish uchun barcha sharoitlar mavjud.

Umuman, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasida 60 million dollar investitsiya jalb qilish, qariyb 2 ming ish o‘rni yaratish, turizm xizmatlari hajmini 15 milliard so‘mga, eksportni esa 2 million dollarga oshirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Eng muhim vazifalardan biri sifatida aholi yashashi va mehnat qilishi uchun qulay infratuzilma yaratish, tadbirkorlikni kengaytirish va bandlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Har bir mahallada 10 tadan, jami 300 ta mikroloyiha ishga tushirilib, 8,6 ming aholi kasb-hunarga o‘qitiladi. Bu loyihalarga banklar tomonidan 64 milliard so‘m kredit resursi yo‘naltiriladi, ijtimoiy va infratuzilma obyektlari uchun esa qo‘shimcha 74,5 milliard so‘m ajratiladi.

Transport-logistika masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Tumanning boshqa hududlar bilan bog‘liqligini oshirish, chegaradan o‘tishni tezlashtirish hamda iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.

Aholi daromadining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq ekani inobatga olinib, ushbu sohada zamonaviy yondashuvlar va yangi texnologiyalarni keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Masalan, Qayroq massividagi 425 gektar yaylovda mevali bog‘lar, Chashma mahallasidagi 60 gektar yerda za’faron plantatsiyalari, Ozod va So‘x xo‘jaliklariga qarashli 100 gektar maydonda kartoshka yetishtirish loyihalarini amalga oshirish taklif etildi. Shuningdek, Navobod mahallasida baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyiha taqdim etildi. Unga ko‘ra, 50 sotixdan 30 ta hovuz tashkil qilinib, har bir hovuzdan 50 tonnadan forel balig‘i yetishtirish mumkin.

Shu bilan birga, Devayron va Tul-dasht hududlari oralig‘ida 8 kilometr uzunlikda o‘zi oqar sug‘orish tarmog‘i qurilishi hisobidan 500 gektar mevali bog‘ va qo‘shimcha 300 gektar ekin maydonini o‘zlashtirish imkoniyati mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari So‘x tumanini rivojlantirishda eng asosiy maqsad odamlar hayotida sezilarli o‘zgarish qilish, aholi daromadini oshirish, ish o‘rinlari yaratish va hududning transport bog‘liqligini yanada kuchaytirishdan iborat ekanini ta’kidladi. Mutasaddilarga tuman bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Teglar

Mavzuga oid