Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga bordi

26.02.2026 | 12:072 daqiqa

Prezidentning viloyatga safari Hakim Termiziy maqbarasi ziyoratidan boshladi. Tashrif dasturidan yangi loyihalarni ishga tushirish va viloyatni kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazish o‘rin olgan.

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga bordi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 26-fevral kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Davlat rahbari safarini, an’anaga ko‘ra, Hakim Termiziy maqbarasi ziyoratidan boshladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Qur’on tilovat etilib, xalqimizga, yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab, duo qilindi», – deyiladi xabarda.

Ulamolar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma Hakim Termiziyning ma’naviy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish hamda o‘zbekistonliklar va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish haqida so‘z yuritilgan.

Shuningdek, Islom dinining ezgulik va insonparvarlik, mehr-shafqat kabi buyuk fazilatlari, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlangan.

Ma’lum qilinishicha, keyingi yillarda ta’mirlanib, yanada obod va go‘zal majmuaga aylangan ushbu tabarruk maskanda ziyoratchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Atrof obodonlashtirilib, maqbarada ham katta hajmdagi ishlar bajarilgan. Zamonaviy yoritqichlar, isitish va sovitish tizimlari o‘rnatildi. Majmuada mikroiqlim yaratish uchun to‘rt mingdan ortiq 40 turdagi ko‘p yillik manzarali daraxt, 20 mingdan ziyod mavsumiy anvoyi gullar ekilgan.

Islom ilmlarining tafsir, hadis, fiqh, kalom, islom falsafasi, tasavvuf tarixi, tasavvufiy qarashlar kabi sohalarida ko‘plab asar yozgan mutafakkir majmuasini obod saqlash, ziyoratchilar uchun qulayliklarni kengaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berilgan.

Prezidentning Surxondaryoga safar dasturi

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha , safarning keng ko‘lamli dasturidan hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, qurilish, ijtimoiy va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish, yangilarini ishga tushirish o‘rin olgan.

Ertaga, 27-fevral kuni davlati rahbari Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazadi.

Joriy yil boshidan beri Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va toshkent viloyatidagi hududlarda bo‘lib, rahbarlar ishtirokida videoselektorlar o‘tkazgandi.

Teglar

Mavzuga oid