Logo

Shavkat Mirziyoyev Trampni 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan tabrikladi

Bugun 15:141 daqiqa

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti Donald Trampni 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan tabriklab, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev Trampni 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev 14-iyun kuni AQSH prezidenti Donald Trampga yubiley munosabati bilan tabrik maktubi yo‘lladi. Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, davlat rahbari unga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilagan.

Tabrikda Amerika xalqiga tinchlik, osoyishtalik va farovonlik tilaklari ham bildirildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda sezilarli darajada mustahkamlanib, mazmunan boyib borayotgani alohida qayd etildi.

Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar o‘zaro hurmat, ishonch va mushtarak manfaatlarga asoslangan holda izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bugungi kunda O‘zbekiston–AQSH munosabatlari har qachongidan ham amaliy va samarali tus olgan.

Maktubda O‘zbekistonning AQSH bilan ko‘p qirrali va strategik sheriklikka asoslangan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekani bildirildi. Ayniqsa, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish ustuvor vazifalardan biri sifatida ko‘rsatildi.

Shuningdek, davlat rahbari Donald Trampning xalqaro maydonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Xalqaro va mintaqaviy platformalar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik kelgusida ham yangi natijalar bilan boyib borishiga ishonch bildirildi.

Mirziyoyev strategik sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish maqsadida Donald Trampni O‘zbekistonga ilk tarixiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Teglar

Mavzuga oid