
Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaning Nara shahri meri bilan uchrashdi
Uchrashuv davomida madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida qaratilib, o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida Nara shahri meri Gen Nakagavani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida urg‘u bergan holda hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda o‘tmishi uzoq aloqalarga ega bo‘lgan Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatilgani yuqori baholandi. Samarqand ko‘p asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lining markazi, Yaponiyaning qadimgi poytaxti Nara esa uning sharqiy darvozasi bo‘lgani ta’kidlandi. Bu shaharlar sivilizatsiyalar o‘rtasidagi madaniy ko‘priklar vazifasini bajarib, xalqaro savdo va bilim almashinuvini rivojlantirishda muhim rol o‘ynagan.
Qayd etilishicha, 2027 yilda Nara milliy muzeyida namoyish etiladigan O‘zbekiston madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan arxeologik ko‘rgazmaga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi. Ushbu loyiha O‘zbekiston – Yaponiya diplomatik munosabatlari o‘rnatilganining 35 yilligi sharafiga o‘tkaziladigan yirik madaniy tadbir bo‘ladi.
Gen Nakagava ikki mamlakat va xalqlar o‘rtasidagi abadiy do‘stlik hamda madaniy va tarixiy yaqinlik ramzi sifatida Nara shahridagi yangi bog‘lardan biriga Samarqand nomini berishga qaror qilinganini e’lon qildi.
Suhbat davomida ikki birodar shahar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini faol rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi, turizm, to‘qimachilik, transport, logistika va shaharsozlik kabi sohalarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.





