Logo

Shveysariyadagi muzokaralar natija berdi: Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha yangi kelishuvga erishildi

Bugun 20:202 daqiqa

Shveysariyada AQSH va Eron o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarining birinchi raundi yakunlandi. Tomonlar 60 kun ichida yakuniy bitim tayyorlash bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqladi.

Shveysariyadagi muzokaralar natija berdi: Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha yangi kelishuvga erishildi © Фото: Shehbaz Sharif / X

Shveysariyada AQSH va Eron o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarning navbatdagi raundi yakunlandi. Muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etgan Qatar va Pokiston tomonlarning qator muhim masalalar bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida ehtimoliy mojarolar va tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida AQSH va Eron o‘rtasida maxsus aloqa kanali tashkil etilgan.

Mazkur mexanizm xalqaro savdo kemalarining Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan.

Tomonlar, shuningdek, 60 kun ichida yakuniy kelishuvga erishish bo‘yicha rasmiy yo‘l xaritasini ham tasdiqlagan.

Yakuniy bitim uchun tayyorgarlik

Qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, yuqori darajadagi nazorat qo‘mitasi muzokaralarning keyingi bosqichlarini muvofiqlashtirib boradi.

Muzokarachilar yadroviy dastur, sanksiyalar, nizolarni hal etish va monitoring masalalari bo‘yicha alohida ishchi guruhlarga rahbarlik qiladi.

Texnik muzokaralar hafta oxirigacha Shveysariyaning Byurgenshtok kurortida davom etadi.

Shu bilan birga, Livanda harbiy harakatlarni to‘xtatish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun AQSH, Eron va Livan vakillaridan iborat maxsus guruh tuzilishiga kelishib olingan.

Neft va aktivlar mavzusi

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi o‘zining «X» tarmog‘idagi sahifasida erishilgan bu kelishuvlarni Livandagi harbiy harakatlarni to‘xtatish yo‘lidagi «katta muvaffaqiyat» deb atadi.

O‘z navbatida, Eron TIV vakili Ismoil Bag‘oiyning ma’lum qilishicha, muzokaralarda neft eksporti uchun ruxsat berish va mamlakatning muzlatilgan aktivlarini ochish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

«Shveysariyadagi to‘rt tomonlama muzokaralar davomida yaxshigina siljishga erishildi», — dedi u.

Bag‘oiy muzokaralarning ayrim bosqichlarida AQSH tomonining keskin bayonotlari sababli Tehron muzokaralarni davom ettirishdan vaqtincha bosh tortganini bildirdi.

«Biz uchun juda uzun kun bo‘ldi. To‘rt tomonlama uchrashuvlar vaqtida AQSHning tahdidli bayonotlari e’lon qilindi, shu sababli Eron bunday sharoitda to‘rt tomonlama muzokaralarni davom ettirishga tayyor emasligini bildirdi», — dedi u.

Hozirda vositachi davlatlar — Qatar va Pokiston tomonidan muzokaralar yakunlari bo‘yicha asosiy kelishuvlar aks etgan rasmiy hujjat e’lon qilinishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid