
Sirdaryoda narkolaboratoriya tashkil etgan er-xotin qo‘lga olindi
Guliston shahrida yashovchi shaxs va uning turmush o‘rtog‘i hozirda Guliston shahrida istiqomat qiluvchi, aslida Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan fuqaro bilan kelishgan holda, uning uyida sintetik narkotik moddalar tayyorlab, sotgani aniqlandi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida narkolaboratoriya aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Guliston shahrida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan shaxs va uning 1996 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i, shu shaharda istiqomat qiluvchi 1995 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan fuqaro bilan kelishib, sintetik giyohvand moddalar tayyorlash va ularni «zakladka» usulida mijozlarga yetkazib berish bilan shug‘ullangan.
Tadbir vaqtida fuqarolar faoliyat yuritgan xonadondan 4 kilogramm 373 gramm «Mefedron» sintetik moddasi, elektron tarozi, mikser, protivogaz, zip-paketlar va qadoqlash uchun mo‘ljallangan turli asboblar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, og‘ufurushlar MDH davlatlari bo‘ylab internet tarmog‘ida sintetik narkotiklar sotish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh tomonidan xorijdan yuborilgan xom-ashyolardan foydalanib, giyohvandlik vositalari tayyorlashgan.
Hozirda mazkur 3 nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan giyohvand moddalar fosh etilgani haqida xabar bergan edik.





