add

Soliq ro‘yxatidan o‘tmagan xorijiy onlayn platformalar bloklanadi

Bugun 10:254012 daqiqa

Yangi tartib O‘zbekistondagi raqamli xizmatlar bozorida soliq shaffofligini oshirish va yashirin daromadlarni qisqartirishga qaratilgan.

Soliq ro‘yxatidan o‘tmagan xorijiy onlayn platformalar bloklanadi

2026 yil 1-yanvardan O‘zbekistonda soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tmagan holda fuqarolarga elektron xizmat ko‘rsatayotgan yoki tovar sotadigan xorijiy onlayn kompaniyalar faoliyatiga cheklovlar qo‘llanishi mumkin. Bu talab prezidentning 10-dekabrda imzolangan naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan farmonida belgilangan.

Hujjatga muvofiq, jismoniy shaxslarga elektron shaklda xizmat ko‘rsatuvchi yoki tovar sotuvchi xorijiy yuridik shaxs soliq organida ro‘yxatdan o‘tmagani aniqlansa, unga rasmiy xabarnoma yuboriladi. Kompaniyaga soliq ro‘yxatidan o‘tish uchun 30 kalendar kun beriladi. Ushbu muddat ichida talab bajarilmasa, O‘zbekistondagi faoliyatni cheklash masalasi ko‘rib chiqiladi.

Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bunday holatlarda xorijiy kompaniyaga qo‘mita nomidan rasmiy xat yuboriladi. Agar javob kelmasa yoki ariza rad etilsa, elektron tijorat sohasini tartibga soluvchi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan hamkorlikda qaror qabul qilinadi. Agentlik kompaniya faoliyatini cheklash yoki cheklamaslik yuzasidan yakuniy xulosa chiqaradi.

Shu bilan birga, 1-martga qadar soliq organlari O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy yuridik shaxslarga amalga oshirgan to‘lovlari bo‘yicha egasizlantirilgan ma’lumotlarni olish tartibini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Bu qaysi xorijiy platformalar mamlakat fuqarolaridan daromad olayotganini aniqlash va soliqqa tortish imkoniyatini baholashga xizmat qiladi.

Amaldagi Soliq kodeksining 278–279-moddalariga ko‘ra, elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar soliq to‘lovchi hisoblanadi va xizmat ko‘rsatish boshlanganidan keyin 30 kun ichida elektron ariza orqali ro‘yxatdan o‘tishi shart. Ayni paytda O‘zbekistonda QQS to‘lovchi xorijiy internet kompaniyalari soni 76 taga yetgan bo‘lib, ular 2025 yilning birinchi yarmida 78,2 mlrd so‘m QQS to‘lagan.

Teglar

Mavzuga oid