
So‘m 11 oyda 7,5 foizga mustahkamlandi
Milliy valuta qadrining oshishiga pul o‘tkazmalari, eksport tushumlari va valuta taklifining tez o‘sishi asosiy omil bo‘ldi.

2025 yil yanvar–noyabr oylarida so‘mning almashuv kursi 7,5 foizga mustahkamlandi. Markaziy bank tahliliga ko‘ra, bu natija ichki valuta bozorida talab va taklif nisbatining o‘zgarishi hamda tashqi moliyaviy oqimlar bilan bog‘liq omillar ta’sirida shakllangan.
So‘m qadri oshishida eng muhim omillardan biri mehnat muhojirlari yuborgan pul o‘tkazmalari hajmining keskin ko‘payishi bo‘ldi. Xususan, 11 oy davomida O‘zbekistonga muhojirlardan 17,3 mlrd dollar kelib tushgan bo‘lib, bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 25 foizga ko‘p. Ushbu mablag‘lar ichki valuta bozorida taklifni oshirib, milliy valuta barqarorligiga jiddiy hissa qo‘shgan.
Shuningdek, eksport tushumlarining o‘sishi, xorijiy kreditlar jalb etilishi va import to‘lovlari hajmining barqarorlashuvi ham so‘mning mustahkamlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Markaziy bank to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi ortib borayotganini ham muhim omil sifatida qayd etgan.
Hisobot davrida O‘zbekistonda chet el valyutasiga talab o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga, taklif esa 26 foizga o‘sdi. Ayniqsa, yuridik shaxslar tomonidan valuta taklifining 35 foizga oshishi bozorda taklif sur’ati talabdan yuqori bo‘lganini ko‘rsatdi.
Yanvar–noyabr oylarida oltinsiz eksport tushumlari 16 mlrd dollarga yetdi. Uning 8,9 mlrd dollari ichki valuta bozorida sotilib, qo‘shimcha valuta manbasi sifatida xizmat qildi. Bu ko‘rsatkich ham o‘tgan yilga nisbatan yuqori o‘sishni namoyon etdi.
Shu davrda aholi banklarga 19,4 mlrd dollar sotgan, 10,6 mlrd dollar esa xarid qilgan. Ma’lumot uchun, 2025 yil sentabr oyining o‘zida so‘m kursi dollarga nisbatan 3,4 foizga mustahkamlangan. Markaziy bank milliy valuta kursi erkin bozordagi joriy talab va taklif asosida shakllanishini, regulyator tomonidan maqsadli kurs belgilanmasligini ta’kidlagan.





