Logo

So‘mdagi depozitlar daromadliligi Rossiya–Ukraina urushi boshlanganidan beri eng past darajaga tushdi

Kecha 22:004 daqiqa

Banklardagi milliy valutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka aprel oyida 17,4 foizgacha pasaydi. Bu 2022-yil fevralidan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir. Jismoniy shaxslarning so‘mdagi muddatli omonatlari bo‘yicha stavka esa 19,9 foizga tushib, 2021-yil sentabridan beri eng past darajani yangiladi.

So‘mdagi depozitlar daromadliligi Rossiya–Ukraina urushi boshlanganidan beri eng past darajaga tushdi

Aprel oyida O‘zbekiston banklaridagi milliy valutadagi depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 17,4 foizgacha pasaydi. Bu 2022-yil fevrali — Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush boshlanganidan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Aholi omonatlari bo‘yicha ham muhim chegara buzildi. Jismoniy shaxslarning so‘mdagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 20 foizdan pasayib, 19,9 foizgacha tushdi. Bu 2021-yil sentabridan beri eng past daraja bo‘lib, stavka 2021-yil oktabridan buyon ilk bor 20 foizdan pastladi.

Aprel oyida so‘mdagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka martga nisbatan 0,7 foiz bandga, o‘tgan yil apreliga nisbatan esa 2,1 foiz bandga kamaygan.

1

Pasayish ayniqsa qisqa muddatli depozitlarda yaqqol ko‘rinmoqda. Bir yilgacha bo‘lgan so‘mdagi depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 15 foizni tashkil etdi. Bu mart oyiga nisbatan 1,3 foiz bandga, o‘tgan yil apreliga nisbatan esa 3,3 foiz bandga past.

Bir yildan yuqori muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 18,1 foizgacha tushdi. Mazkur segmentda ham pasayish davom etayotgan bo‘lsa-da, uzoq muddatli depozitlar bo‘yicha foizlar qisqa muddatli omonatlarga nisbatan yuqoriroq saqlanmoqda.

Aholi omonatlarida 20 foizlik chegara buzildi

Jismoniy shaxslarning so‘mdagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha stavka aprel oyida 19,9 foizni tashkil etdi. Bu martga nisbatan 0,5 foizga, 2025-yil apreliga nisbatan esa 1,7 foizga kam. Oxirgi marta bunday depozitlar stavkasi 2021-yil oktabrida 20 foizdan pasaygan edi.

Aholining bir yilgacha bo‘lgan omonatlari bo‘yicha banklar o‘rtacha 18,5 foiz daromad taklif qilmoqda. Bu ko‘rsatkich bir oyda 2 foizga, yillik hisobda esa 2,1 foizga pasaygan.

Bir yildan yuqori muddatli aholi omonatlari bo‘yicha stavka 20,1 foizni tashkil etdi. Bu hali 20 foizdan yuqori bo‘lsa-da, mazkur segmentda ham pasayish kuzatilmoqda. Stavka martga nisbatan 0,3 foizga, o‘tgan yil apreliga nisbatan esa 1,7 foizga kamaygan.

Ya’ni banklar aholidan mablag‘ jalb qilishda avvalgidek yuqori foiz taklif qilmayapti.

23 foizlik omonatlar ham qolmagan

2025-yil boshida O‘zbekiston banklarida aholi uchun 27 foizgacha omonatlar topish mumkin edi. Biroq, Markaziy bank aralashuvi bilan o‘sha yili omonatlar uchun maksimal chegara dastlab 26 foizgacha, keyinchalik 23 foizgacha pasaygan edi.

2026-yildan boshlab esa 23 foizlik omonatlar ham asta-sekin yo‘qola boshladi. Yil boshida «Hayot bank» va «Apex Bank» omonatni maksimal 23 foizdan qabul qilishni taklif qilayotgan edi.

May oyiga kelib birorta ham 23 foizdan omonat taklif qilmay qo‘ydi. Ayni paytda bir nechta xususiy bank 22 foizdan omonat qabul qilmoqda.

Omonat stavkalarining pasayishi inflyatsion kutilmalarning kamayishi, bank tizimidagi likvidlikning ortishi hamda kredit stavkalari pasayish tendensiyasiga kirgani bilan izohlanishi mumkin. 

Natijada banklar avvalgidek yuqori foizlar evaziga mablag‘ jalb qilish zaruratini kamroq sezmoqda.

Real daromadlilik saqlanib qolmoqda

Nominal stavkalar pasayayotganiga qaramay, aholi omonatlari bo‘yicha real daromadlilik keskin yomonlashgani yo‘q. Aprel oyida jismoniy shaxslarning so‘mdagi muddatli depozitlari bo‘yicha real stavka 8,4 foizni tashkil etdi.

Bu mart oyidagi ko‘rsatkichdan atigi 0,1 foizga past. O‘tgan yil apreliga nisbatan esa real stavka 1,9 foizga yuqori.

Bunga inflyatsion kutilmalarning pasayishi ta’sir qilgan. Aholining inflyatsion kutilmalari aprel oyida 10,6 foizgacha tushdi. Taqqoslash uchun, 2025-yil aprelida bu ko‘rsatkich 14,2 foiz edi.

Shu sababli omonatlar bo‘yicha nominal daromad kamaygan bo‘lsa ham, inflatsiya kutilmalari pasayishi hisobiga real daromadlilik ijobiy darajada qolmoqda.

Biznes depozitlarida pasayish kuchliroq

Yuridik shaxslarning so‘mdagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha stavka aprel oyida 15 foizgacha tushdi. Bu mart oyiga nisbatan 0,5 foiz bandga, o‘tgan yil apreliga nisbatan esa 2,4 foiz bandga kam.

Qisqa muddatli korporativ depozitlar bo‘yicha stavka 13,9 foizni tashkil etdi. Bir yildan yuqori muddatli depozitlar bo‘yicha esa biznesga o‘rtacha 15,6 foiz daromad taklif qilinmoqda.

Biznes depozitlari bo‘yicha real stavka 4,3 foizni tashkil etdi. Bu aholi omonatlaridagi real daromadlilikdan ancha past, biroq ijobiy hududda qolmoqda.

Valutadagi depozitlarda qisqa muddatli o‘sish bor

Chet el valutasidagi depozitlar bo‘yicha umumiy stavka aprel oyida 4,1 foizni tashkil etdi. Bu mart oyiga nisbatan 0,6 foiz bandga yuqori, biroq o‘tgan yil apreliga nisbatan shuncha miqdorda past.

O‘sish asosan uzoq muddatli valuta depozitlari hisobiga shakllangan. Bir yildan yuqori muddatli valuta depozitlari bo‘yicha stavka 5,2 foizgacha ko‘tarildi. Qisqa muddatli valuta depozitlarida esa stavka 2,2 foizgacha pasaydi.

Aholi uchun xorijiy valutadagi depozitlar bo‘yicha o‘rtacha daromadlilik 4,9 foizni tashkil etdi. Biznes uchun bu ko‘rsatkich 2,8 foizga teng bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid

So‘mdagi depozitlar daromadliligi Rossiya–Ukraina urushi boshlanganidan beri eng past darajaga tushdi | Vaqt.uz