Sony «PlayStation» narxlarini oshirdi

Sony global komponent tanqisligi sabab xotira kartalari sotuvini to‘xtatib, «PlayStation 5» narxini butun dunyo bo‘ylab oshirdi.

Sony «PlayStation» narxlarini oshirdi

Yaponiyaning Sony kompaniyasi 2026 yil 27-martdan boshlab xotira kartalarining aksariyati bo‘yicha buyurtmalarni qabul qilishni to‘xtatdi. Bu qaror global ta’minot zanjiridagi uzilishlar va xomashyo tanqisligi bilan izohlanmoqda.

Kompaniya ma’lum qilishicha, CFexpress Type A hamda SDXC/SDHC turidagi kartalar sotuvi vaqtincha cheklandi. Ayni paytda faqat CFexpress Type B (960 GB) va eng arzon segmentga mansub SD-kartalar ishlab chiqarishda qoldirilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu qarorga asosiy omillardan biri — geliy tanqisligi bo‘lib, u Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik fonida kuchaygan. Bu esa elektron komponentlar ishlab chiqarish zanjiriga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, Sony o‘zining asosiy mahsuloti — «PlayStation 5» o‘yin pristavkalari narxini ham oshirishini e’lon qildi. Yangi narxlarga ko‘ra, standart versiya $650, Digital Edition $600 va PS5 Pro versiyasi $900 etib belgilandi.

Kompaniya bayonotida narxlar oshishi jahon iqtisodiyotidagi bosim, inflatsiya va ishlab chiqarish xarajatlarining ortishi bilan bog‘liq ekani qayd etildi. Bu so‘nggi bir yil ichida ikkinchi bor narx oshirilishi bo‘lib, 2025 yil avgustida ham konsol narxi $50ga ko‘tarilgan edi.

Ekspertlar fikricha, mazkur qaror global elektronika bozoridagi muammolar saqlanib qolayotganini va kelgusida ham narxlar bosimi davom etishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Teglar