Sovuq qurolni takroran olib yurganlik uchun qamoq jazosi joriy etildi

Bugun 11:252 daqiqa

O‘zbekistonda sovuq qurol bilan bog‘liq huquqbuzarlikni takroran sodir etganlarga nisbatan jarima bilan birga 15 sutkagacha qamoq jazosi qo‘llanadi.

Sovuq qurolni takroran olib yurganlik uchun qamoq jazosi joriy etildi © namangan viloyati iib

O‘zbekistonda sovuq qurolni yoki shunday maqsadda foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. 17-aprel kuni qabul qilingan qonunga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Yangi tartibga ko‘ra, agar bunday huquqbuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilsa, shaxsga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (2,06 mln so‘mdan 4,12 mln so‘mgacha) jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlanadi. Shuningdek, huquqbuzarlikda qo‘llangan buyumlar musodara qilinadi.

Amaldagi tartib va o‘zgarishlar

Hozirda ham sovuq qurolni jamoat joylarida ochiq holda olib yurish uchun jarima mavjud. Agar bu holat qonuniy maqsadlarda (sport, kasbiy yoki maishiy ehtiyojlar uchun) sodir etilsa, BHMning 0,5–1 baravari miqdorida jarima qo‘llanadi.

Bunday ashyolar o‘zini himoya qilish yoki boshqa noqonuniy maqsadlarda olib yurilganda esa jarima BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha belgilanadi va buyumlar musodara qilinishi mumkin.

Qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida dastlab 10 sutkagacha qamoq jazosi taklif etilgan edi. Keyinchalik ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqib, bu muddat 15 sutkagacha oshirildi.

Qurol nazorati kuchaytirildi

Shu bilan birga, Qurol to‘g‘risidagi qonunga ham o‘zgartish kiritildi. Endi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga qurol sotib olish uchun ruxsatnoma berilmaydi.

Agar bunday shaxslarda qurol mavjud bo‘lsa, ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi amal qilgan davrda ularning qurol va o‘q-dorilari olib qo‘yiladi.

Teglar

Mavzuga oid