
Sumalak tayyorlash YUNESKO nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi
Sharq xalqlari uchun Navro‘zning asosiy ramzlaridan biri sanaladigan sumalakni tayyorlash jarayoni murakkab va uzoq bo‘lib, 12 soatdan ortiq vaqt talab qiladi.

Sumalak tayyorlash madaniyati YUNESKO nomoddiy madaniy merosning reprezentativ ro‘yxatiga rasman kiritildi. Qaror 10-dekabr kuni Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Nomoddiy madaniy meros bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 20-yig‘ilishida qabul qilindi.
Mazkur nominatsiya Tojikistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiyasi tomonidan tayyorlanib, 2023 yilda rasmiy ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan edi.
Sharq xalqlari uchun Navro‘zning asosiy ramzlaridan biri sanaladigan sumalak ko‘p asrlik an’analarga ega. Uni tayyorlash jarayoni murakkab va uzoq bo‘lib, 12 soatdan ortiq vaqt talab qiladi.
Katta qozonda olovda tayyorlanadigan ushbu taom aksar hollarda oila va qo‘shnilarni bir joyga to‘plab, umumiy mehnat va bayramona kayfiyatda pishiriladi. Jarayon davomida an’anaviy qo‘shiqlar kuylanadi, xalq cholg‘u asboblari chalinib, marosim o‘ziga xos madaniy muhit yaratadi.
YUNESKO ro‘yxatiga kiritishdan ko‘zlangan asosiy maqsad bu kabi an’anaviy urf-odatlarni, bilim va ko‘nikmlarni asrab-avaylash, ularni kelajak avlodlarga yetkazishdir. Tashkilot fikricha, sumalak tayyorlash madaniyati nafaqat kulinar meros, balki jamoaviylik va madaniy birlikni mustahkamlovchi muhim qadriyat sifatida ahamiyatlidir.
Yig‘ilish doirasida jami 66 ta milliy va ko‘p millatli nominatsiya ko‘rib chiqildi. Ularning 54 tasi nomoddiy madaniy merosning asosiy ro‘yxatiga, yana 11 tasi tezkor muhofazaga muhtoj meros toifasiga taklif etildi. Qarorlar mintaqalardagi madaniy rang-baranglikni hujjatlash va muhofaza qilish jarayonini yanada kuchaytirishi kutilmoqda.





