Logo

«SunExpress» O‘zbekistonga muntazam parvozlarni boshlaydi

Bugun 16:351 daqiqa

Turkiyaning «SunExpress» aviakompaniyasi 1-avgustdan Toshkent va Izmir o‘rtasida muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Kompaniya O‘zbekiston aviatsiya bozoriga ilk bor kirib kelmoqda.

«SunExpress» O‘zbekistonga muntazam parvozlarni boshlaydi © Foto: sunexpress.com

Turkiyaning «SunExpress» aviakompaniyasi 1-avgustdan Izmir–Toshkent–Izmir yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni boshlaydi. Bu haqda «Uzbekistan Airports» xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, parvozlar haftasiga to‘rt marta 189 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan Boeing 737−800 rusumidagi samolyotlarda amalga oshiriladi.

Shu tariqa, «SunExpress» O‘zbekiston aviatsiya bozoriga birinchi marta kirib keladi hamda mamlakatga muntazam reyslarni amalga oshiradigan uchinchi turk aviakompaniyasiga aylanadi.

Farg‘onaga ham reyslar rejalashtirilgan

Kompaniya faqat Toshkent bilan cheklanib qolmoqchi emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, «SunExpress» kelgusi yil boshidan Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarga ham muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Hozirda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida muntazam parvozlar «Turkish Airlines» hamda «AJet» aviakompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, «SunExpress» aviakompaniyasi 1989 yilda «Turkish Airlines» va «Lufthansa» hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, Turkiyaning yetakchi loukosterlaridan biri hisoblanadi.

Kompaniya Antaliya va Izmir shaharlarida bazalashgan bo‘lib, bugungi kunda u Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyoning 37 mamlakatidagi 250 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha muntazam reyslarni amalga oshirmoqda.

Avvalroq, «Etihad Airways» ham 17-avgustdan Abu-Dabi–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni boshlashini ma’lum qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid