Logo

Surxondaryoda 205 tonna unni birjasiz sotgan korxona jazolandi

Bugun 11:552 daqiqa

Raqobat qo‘mitasi 205 tonna un mahsulotini birja savdolarini chetlab o‘tib sotgan korxonaga nisbatan raqobat qonunchiligi asosida ish qo‘zg‘atdi.

Surxondaryoda 205 tonna unni birjasiz sotgan korxona jazolandi © firewalkerovens.com

Raqobat qo‘mitasi yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni sotishda belgilangan tartibga rioya etilishi hamda narxlarning sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida doimiy monitoring ishlarini olib bormoqda.

Qo‘mitaning Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda «DENOV OLTIN DON» MCHJ faoliyatida qonunchilik talablariga zid holatlar aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, korxona 2025 yil oktabridan 2026 yil 31-martiga qadar Jamg‘arma hisobidan birja savdolari orqali xarid qilingan 273 tonna bug‘doyni qayta ishlagan.

Belgilangan me’yorlarga ko‘ra, mazkur hajmdagi bug‘doydan ishlab chiqarilgan un mahsulotlari birja savdolari orqali sotilishi lozim edi. Biroq korxona tomonidan ishlab chiqarilishi kerak bo‘lgan 205 tonna un birjaga chiqarilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport shartnomasi asosida realizatsiya qilingan.

Qonunchilik talabi buzilgan

Tekshiruv materiallariga ko‘ra, mazkur mahsulotlar jami 634 million so‘mdan ortiq mablaqqa sotilgan. Bu esa raqobat qonunchiligida belgilangan tartibning buzilishi sifatida baholangan.

«Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasiga muvofiq, birja savdolarida raqobatni cheklovchi harakatlar hamda yuqori likvidli yoki monopol mahsulotlarni birja savdolarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotish taqiqlanadi.

Shuningdek, ushbu talablar Vazirlar Mahkamasining 170-son qarori bilan tasdiqlangan tegishli nizomda ham mustahkamlangan.

Ta’sir chorasi qo‘llanildi

Aniqlangan holatlar yuzasidan Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan «DENOV OLTIN DON» MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.

Ish natijalariga ko‘ra, korxonaga nisbatan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi. Shu bilan birga, qonunbuzilish oqibatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy ko‘rsatma berildi.

Teglar

Mavzuga oid

Surxondaryoda 205 tonna unni birjasiz sotgan korxona jazolandi | Vaqt.uz