
Surxondaryoda BAA kompaniyasi bilan hamkorlikda qimmatbaho metallar qayta ishlanadi
Surxondaryoda BAA investorlari ishtirokida qimmatbaho metall rudalarini qayta ishlashga qaratilgan yangi loyiha yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov BAAning «Katawazi Group of Companies» kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga kompaniya raisi o‘rinbosari Nurullah Katavozay boshchilik qildi. Kompaniya raisi Muhammad Mirza Katavozay esa muzokaralarda onlayn tarzda ishtirok etdi.
Uchrashuvda Surxondaryo viloyati hududida qimmatbaho metall rudalarini qayta ishlashga qaratilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Qator sohalarda faoliyat yuritib kelayotgan mazkur kompaniyaning tajribasi va moliyaviy salohiyati loyihani amalga oshirishda muhim omil sifatida baholandi.
Muzokaralar yakunlangach, tomonlar loyihani amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishdi. Xususan, texnik-iqtisodiy asosnomani ishlab chiqish, loyihani bosqichma-bosqich joriy etish hamda tashkiliy-huquqiy masalalar yuzasidan amaliy ishlarini boshlashga kelishib olindi.
Ulug‘bek Qosimov Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan loyihani amaldagi qonunchilik doirasida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish hudud rahbariyatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, uchrashuv yakunida viloyat delegatsiyasining 2026 yil 7–9-yanvar kunlari BAAga amalga oshirilgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar va natijalar yuzasidan viloyat bojxona boshqarmasi rahbariyati tomonidan axborot berildi.





