Surxondaryoda markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 67,5 foizga yetdi
287 million dollarlik mega loyiha natijasida o‘nta tuman va Termiz uzluksiz sifatli suv bilan ta’minlanmoqda.

Surxondaryo viloyatida markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 67,5 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkich sakkiz-to‘qqiz yil avval 47 foizni tashkil etgan edi. O‘sish 287 million dollarlik yirik infratuzilma loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida To‘palang suv ombori suvidan foydalanish asosida amalga oshirilgan loyihaning amaliy natijalari bilan tanishdi. Loyiha orqali minerallarga boy ichimlik suvi viloyatning o‘nta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilmoqda.
Suvni nasoslarsiz uzatish imkoniyati yaratildi
Texnik jihatdan asosiy yutuqlardan biri 246 kilometr magistral va ichki tarmoq qurilganidir. Gidravlik hisob-kitoblar asosida suvni nasoslarsiz uzatish imkoniyati yaratildi. Bu energiya sarfini keskin kamaytirib, tizim barqarorligini oshirdi. Natijada Termiz, Angor, Bandixon, Qiziriq, Sherobod va Muzrabot tuman markazlariga suv elektr energiyasisiz yetkazilmoqda.
Loyiha tufayli 223 ta mahallada suv ta’minoti mustahkamlandi. Suvning qattiqlik darajasi ikki barobargacha kamaytirildi. Bu aholi salomatligi va maishiy texnika xizmat muddatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Geoaxborot markazi
«Shimoliy» suv ishlab chiqarish inshootida tashkil etilgan geoaxborot markazi tizimni real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini berdi. Bosim pasayishi yoki avariya holatlari qisqa vaqtda aniqlanadi. Suv ta’minoti yaxshilanishi natijasida yuzdan ortiq yerosti quduqlaridan foydalanishga ehtiyoj qolmadi.
Iqtisodiy samara ham sezilarli: yillik 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaladi. Bu 18,5 milliard so‘m mablag‘ni iqtisod qilish imkonini beradi. Iste’molchilarning billing tizimiga ulanishi esa hisob-kitob shaffofligini oshirib, qarzdorlikni kamaytirmoqda.





