
Tadbirkorlarga yuklangan asossiz qarzlar qayta ko‘rib chiqilmoqda
Energiya ta’minotchilari hisob-kitoblaridagi xatolar ayrim tadbirkorlarga milliardlab so‘m qarz yuklanishiga sabab bo‘lgani aniqlandi.

Biznes ombudsman tadbirkorlarga hisoblangan qarzdorliklarni tizimli o‘rganmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, energiya ta’minoti korxonalari tomonidan amalga oshiriladigan hisob-kitoblarda, ayniqsa, hisoblagichlar va transformatorlar bilan bog‘liq vaziyatlarda jiddiy xatoliklar uchrab, tadbirkorlik sub’ektlariga asossiz ravishda yuqori miqdorda qarzdorlik yuklanmoqda.
Shunday holatlar tadbirkorlarning faoliyati va moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aytilgan. Urganch shahridagi «Sayohat» MCHJga dastlab 3,8 mlrd so‘m miqdorida hisobga olinmagan elektr energiyasi uchun qarz hisoblanishi ham ana shunday misollardan biridir. Biznes-ombudsman tadbirkorning murojaati ortidan o‘tkazgan qo‘shimcha o‘rganish jarayonida haqiqiy iste’mol ko‘rsatkichlarining butunlay boshqacha ekanini aniqlangan. Tekshiruv natijasida elektr energiyasi iste’moli 18 640 kWh ekanligi aniqlangan, bu esa moliyaviy jihatdan 18 mln so‘mga to‘g‘ri keladi. Shu tariqa, tadbirkorga yuklangan 3,8 mlrd so‘mlik asossiz qarz 18,6 mln so‘mgacha tushirilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, Biznes-ombudsmanga murojaatlar ortib borayotgani hisob-kitob tizimidagi tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatadi. Devon bu kabi holatlarni bartaraf etish va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan.
Tadbirkorlar energiya hisob-kitoblarida shubhali holatlarga duch kelgan taqdirda Biznes-ombudsman devoniga murojaat qilishlari mumkin.





