
Tanlovlar shaffof emas: Aksilkorrupsiya agentligi jamoatchilik kengashi pulli parkinglar haqida
Pulli avtoturargohlar bo‘yicha tanlovlar yopiq o‘tmoqda, tariflar hisob-kitobsiz belgilanmoqda. Aksilkorrupsiya agentligi Jamoatchilik kengashi bu bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida pulli avtoturargohlar, unga narx belgilash masalasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va jamoatchilik vakillari orasida ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
«Avtoturargohlar tashkil etish bo‘yicha tanlovlarning yopiq shaklda tashkil etilgani, narxlarni belgilashdagi aniq hisob-kitob yoki mezonlarning mavjud emasligi aholi o‘rtasida turli savollarni keltirib chiqarmoqda», deyiladi bayonotda.
Ko‘pchilikning e’tiroziga sabab — narx belgilashda aniq hisob-kitobning yo‘qligi va jarayonlarning shaffof emasligi. Mutasaddi tashkilotlar tomonidan tanlovlarning ochiq o‘tkazilmagani ham alohida e’tiborga tushgan. Bu holat jamoatchilikning ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Jamoatchilik kengashlari davlat idoralari va fuqarolar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradi. Ular orqali aholi muhim masalalar yuzasidan o‘z munosabatini bildirishi va jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan foydalanishi mumkin.
Shu munosabat bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi ushbu masalada rasmiy bayonot berdi. Unda Kengash a’zolari Toshkentdagi pulli avtoturargohlar faoliyatini chuqur o‘rganish, barcha jarayonlarning ochiqligini ta’minlash va narx belgilash bo‘yicha aniq, asoslangan mezonlar ishlab chiqishni taklif qilgan.
Jamoatchilik kengashi Agentlikka murojaat yo‘llab, o‘z a’zolari ishtirokida mazkur masala yuzasidan tahlillar o‘tkazish va takliflar tayyorlashni so‘ragan. Bu orqali korrupsiyaviy xavflarni oldini olish hamda fuqarolarda ishonch uyg‘otish maqsad qilingan.
Avvalroq XDP poytaxtda «pulli parkovka» narxlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgani haqida xabar bergan edik. Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi pulli avtomobil to‘xtash joylari narxlari aholi daromadlariga mos emas.





