
Tanqidlarga uchragan Nazarbekov, ayol o‘limiga sabab bo‘lgan noto‘g‘ri «ukol», chegaramizdagi «Bayraktar» dronlari — hafta dayjesti
O‘tayotgan hafta davomida O‘zbekistonda va xorijda ro‘y bergan eng muhim, jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea-hodisalarni Vaqt.uz yana bir bor yodga soladi.
Yakunlanib borayotgan hafta Rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyovning Markaziy Osiyoda ham «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi shov-shuvli chiqishi muhokamasi bilan boshlandi. Bu fikrdan norozi bo‘lgan jamoat faollari o‘zlarining keskin munosabatlari va noroziliklarini bildirishdi.
Shu kabi hafta davomida O‘zbekistonda va yaqin xorijda ro‘y bergan eng ahamiyatli va muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea-hodisalarni esga olamiz.
Solovyovning asossiz da’volari
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Vladimir Solovyovning Markaziy Osiyoda va Armanistonda «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazish mumkinligi haqidagi gaplari Rossiyaning rasmiy siyosatiga aloqador emasligini bildirdi. Uning aytishicha, bu fikrlar Solovyovning shaxsiy «Solovyov Layf» kanalida aytilgan va davlat pozitsiyasi sifatida talqin qilinishi noto‘g‘ri.
Zaxarova mazkur gaplar kontekstdan uzib olingani va ayrimlar tomonidan provokatsion tarzda tarqatilayotganini ta’kidladi. U Rossiyaning postsovet davlatlariga nisbatan tajovuzkor niyatlari borligi haqidagi da’volarni asossiz deb atadi.
Holbuki, Rossiya azaldan Molova va Gurjistonga, shuningdek Ukrainaga tajovuz qilib kelgan. Rossiya propagandachilari esa bir necha bor Qozog‘iston va Ozarboyjonga nisbatan tahdidli chiqishlar qilishgan.
Zaxarova, Rossiyaning rasmiy pozitsiyasi faqat vakolatli shaxslar tomonidan bildirilishini eslatib, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarda Rossiya ko‘p bor do‘stlik va hamkorlikka sodiq ekanini amaliy ishlar bilan ko‘rsatganini qayd etdi. Provokatsiya va yolg‘on axborotlarga berilmaslikka chaqirdi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston Prezidenti avvalroq xorijdagi fuqarolar huquqlari buzilayotgani yuzasidan fikr bildirib, aksar hollarda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolayotganini ta’kidlagan edi.
Nazarbekovni javobgarlikka tortilishi mumkin
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning to‘yda olingan bir necha daqiqalik video katta bahslarga sabab bo‘ldi. Ozodbek Nazarbekovning davrada qo‘shiq aytib, qistirilgan pullarni olayotgani jamoatchilikda turli savollarni o‘rtaga chiqardi va masala rasmiy idoralar e’tiborigacha yetib bordi.
Madaniyat vazirligi mazkur holatni «asrlar davomida shakllangan milliy urf-odat» sifatida izohladi, biroq bu ta’rif ham jamoatchilikda keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumot taqdim etib, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun hamda davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloq qoidalariga ko‘ra, davlat xizmatchilari pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emasligini eslatdi. Shuningdek, davlat xizmatchilari o‘z xatti-harakatlari bilan davlat xizmati obro‘siga putur yetkazmasligi shartligi qayd etildi.
Agentlik mazkur holat bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga Ozodbek Nazarbekovni intizomiy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan so‘rov yuborganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, bunday holatlar kelgusida muntazam monitoring qilib borilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston chegaralarini Bayraktar dronlari himoya qiladi
Vatan himoyachilari kuni arafasida chiqish qilgan Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston armiyasi xalq himoyasiga doimo tayyor turishi kerak» dedi.
Shu bois O‘zbekistonning Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik konsepsiyasi o‘zgartiriladigan bo‘ldi.
Oddiy askar va serjantlarning oylik maoshlari ham oshiriladigan bo‘ldi.
Oliy Bosh Qo‘mondon Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida O‘zbekistonda turkiyada ishlab chiqarilgan «Bayraktar» dronlari bilan butlangan yangi maxsus bo‘linmaning jangovar navbatchiligi yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi.
DXX raisi Bahodir Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, Chegara qo‘shinlari 98 foizga avtozirhli texnika, 88 foizga suzish vositalari, 100 foizga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar, 78 foizga elektron-optik vositalar bilan, Bo‘linmalar zamonaviy uchuvchisiz uchish apparatlari bilan ta’minlangan.
O‘zbekiston nafaqat Turkiyaning «Bayraktar» dronlaridan foydalanmoqda, balki mahalliy «Lochin» brendi ostidagi dronlarni ham ishlab chiqarmoqda va yaqin kelajakda Turkiyadan «ANKA» dronlarini sotib olishi kutilmoqda.
Noto‘g‘ri ukol ayol hayotiga zomin bo‘ldi
Hafta davomida ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan holatlardan yana biri Samarqand viloyatida tibbiy muolaja bilan bog‘liq fojiali voqea bo‘ldi. Mazkur xabar jamoatchilikda turli savollarni o‘rtaga chiqardi va rasmiy idoralar munosabatini talab qildi.
Tarmoqlarda Samarqand viloyatining Payariq tumanida shifokorlar tomonidan bemorga noto‘g‘ri ukol qilingani va ushbu holat bemor o‘limiga sabab bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.
Xabarlarda 1992 yilda tug‘ilgan ayol sog‘lig‘idagi muammo sabab tibbiyot muassasasiga murojaat qilgani, biroq davolanish jarayonida qilingan muolaja, xususan, ukol bemor ahvolini og‘irlashtirgani va oqibatda uning hayotiga zomin bo‘lgani aytiladi.
Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Marhumaning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Qayd etilishicha, tekshiruv ishlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilib, uning natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Ramzan Qodirovning salomatligi qanday?
Bu hafta Checheniston rahbari Ramzan Qodirov haqidagi gap-so‘zlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ukraina razvedkasi avvalroq Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov buyrak yetishmovchiligidan qiynalayotgani, uning sanoqli kunlari qolgani va shu ortidan mamlakatga yangi rahbar tayinlanishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.
Ramzan Qodirov hafta ichida Ukraina razvedkasi tarqatgan mish-mishlarni uch marta rad etib chiqdi.
U Grozniy shahrida avtomobil boshqargan holda videotasvirga tushib, Ukraina maxsus xizmatlari tarqatgan mish-mishlarga javoban xizmat yomon ishlayotganini va o‘zining shifoxonada emasligini aytgan.
«Ukraina maxsus xizmatlari menda xususiy klinika borligini aniqlabdi. Men u yerda buyrak yetishmovchiligidan davolanayotgan emishman. Aslida, biz shahar bo‘ylab sayr qilmoqdamiz», degan Qodirov.
Ikkinchi bir videoda Ramzan Qodirov majlis o‘tkazayotgani tasvirlangan. Uchinchi videoda esa uning o‘zi chechen tilida chiqish qilib, hamma a’zosi, jumladan buyragi ham soppa sog‘ ekanini aytib, Allohning nomi bilan qasam ichgan.
Eslatib o‘tamiz, Ramzan Qodirovda bir qator og‘ir kasalliklar, jumladan davolab bo‘lmas oshqozon osti bezi nekrozi hamda buyragi bilan bog‘liq boshqa jiddiy muammolar ta’qib qilayotgani aytilmoqda. Qodirov esa bu xabarlarni muntazam ravishda rad qilib keladi.
Taylandda o‘zbekistonliklar bo‘lgan kema cho‘kib ketdi
Taylandning Phuket orolida o‘zbekistonlik sayyohlar ishtirokida yirik dengiz halokati yuz berdi. 11-yanvar kuni tezyurar sayr kateri baliqchi trauleri bilan to‘qnashib, jiddiy shikastlangan va ag‘darilib, cho‘kib ketgan. Fojia oqibatida 18 yoshli Rossiya fuqarosi bo‘lgan qiz vafot etdi.
Qayiqda jami 55 kishi – 52 nafar sayyoh va 3 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Sayyohlardan 33 nafari Rossiya, 8 nafari Qozog‘iston, 3 nafari O‘zbekiston, 2 nafari Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibiga ko‘ra, Hodisa oqibatida ikki o‘zbekistonlik yengil tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan va to‘liq sog‘ayib, shifoxonadan chiqarildi. Barcha tibbiy va zarur xarajatlar kater egasi bo‘lgan kompaniya sug‘urtasi hisobidan qoplandi.
O‘zbeklarga AQSH vizasi olish qiyinlashadimi?
O‘zbekiston fuqarolari uchun AQSH vizalari odatdagi tartibda ko‘rib chiqilmoqda va hech qanday cheklov joriy etilmagan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lum qildi.
Avvalroq, The Guardian anashri AQSH 75 davlat fuqarolari uchun vizalarni ko‘rib chiqishni to‘xtatgani, ular qatorida O‘zbekiston ham borligi haqida xabar bergandi. Ro‘yxatda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Eron, Ozorbayjon, Pokiston, Misr, Braziliya, Nigeriya kabi davlatlar tilga olingan.
«Ayni damda O‘zbekiston fuqarolari uchun AQSH vizalari odatdagi tartibda ko‘rib chiqilmoqda va hech qanday cheklov joriy etilmagan», — dedi xabar yuzasidan TIV rasmiysi.
Avariya qurbonlari
2025 yilda YTHlarda 2188 nafar inson halok bo‘lgan.2024 yilga solishtirganda avariyalar sonida ham, o‘lim bilan tugagan holatlarda ham pasayish bor. 2024 yilda 9364 ta avariya sodir etilib, ularda 2203 kishi vafot etgan hamda 7495 nafar shaxs tan jarohati olgan.
So‘nggi 5 yilda avariyalar sonida ham, unda halok bo‘layotgan insonlar sonida ham pasayish kuzatilib kelmoqda.
Teglar






