«Telegram»da shaxsiy xabarlarni ham nusxalash taqiqlanadi
«Telegram» shaxsiy chatlarda yozishmalarni himoya qilish maqsadida xabarlarni nusxalash va saqlashni cheklash funksiyasini joriy etmoqda.

«Telegram» yaqin vaqt ichida shaxsiy chatlarda xabarlarni nusxalashni cheklash imkonini joriy etadi. Bu haqda «Beta Info» kanali xabar qildi. Hozirgacha bunday cheklov faqat kanallar uchun amal qilar edi, endi u oddiy yozishmalarga ham tatbiq etiladi.
Yangi funksiya ikoniyatlari
Yangi funksiya foydalanuvchilarga kontaktlar uchun xabarlarni nusxalashni taqiqlash, shuningdek shaxsiy chatlardagi materiallarni saqlash yoki boshqa joyga, jumladan «Saqlanganlar» bo‘limiga yuborishni cheklash imkonini beradi. Bu maxfiy yozishmalarni qo‘shimcha himoya qilishga qaratilgan.
Nusxalashdan himoyani yoqish uchun kontakt profiliga kirib, menyudagi «Kontaktni tahrirlash» bo‘limi orqali «Nusxalashni taqiqlash» bandi tanlanadi. Shu orqali ma’lum kontakt bilan muloqotda kontent tarqalishining oldi olinadi.
Ayni paytda funksiya «Telegram»ning iOS uchun 12.5 (32413) raqamli beta-versiyasida mavjud. Biroq u hozircha to‘liq barqaror ishlamayotgani qayd etilmoqda. Yaqin yangilanishlarda funksiya takomillashtirilishi kutilmoqda.
Beta-versiyadagi yana bir yangi imkoniyat
Shu beta-versiyada yana bir yangi imkoniyat — xabarlardagi sanalarni avtomatik aniqlash va ular asosida eslatma yaratish funksiyasi ham sinovdan o‘tmoqda. Messenjer «bugun», «ertaga» yoki muayyan sanalarni avtomatik ajratib ko‘rsatadi.
Ajratilgan sana ustiga bosish orqali xabarni bir zumda eslatmaga aylantirish mumkin. Guruh chatlarida yaratilgan eslatmalar foydalanuvchining «Saqlanganlar» bo‘limiga yuboriladi, shaxsiy chatlardagi eslatmalar esa o‘sha yozishmaning o‘zida saqlanadi.




