Termiz savdo markazi ming gektargacha kengaytiriladi

27.02.2026 | 12:412 daqiqa

Markaz hududida amalga oshiriladigan tovar ayirboshlash va xizmatlar eksport sifatida baholanadi. Unga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) nol stavkada qo‘llanadi.

Termiz savdo markazi ming gektargacha kengaytiriladi

Termiz xalqaro savdo markazi hududini 1 ming gektargacha kengaytirish va eksport hajmini keskin oshirish belgilandi. Yangi rejaga ko‘ra, markazda yirik ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etilib, joriy yilda eksport 600 million dollarga, kelasi yil esa 1 milliard dollargacha yetkaziladi. Bu haqda Prezidentning Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Markaz faoliyati

O‘tgan yil davomida bu yerga 800 mingdan ortiq Afg‘oniston fuqarosi tashrif buyurgan, eksport hajmi esa 320 million dollarga yetgan. Bu ko‘rsatkichlar hududning mintaqaviy savdo xabi sifatidagi ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Katta ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi natijasida qo‘shimcha 10 mingta yangi ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan. Bu esa Surxondaryo viloyatida bandlikni oshirish va sanoat salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Markaz hududida amalga oshiriladigan tovar ayirboshlash va xizmatlar eksport sifatida baholanadi. Unga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) nol stavkada qo‘llanadi.

Shavkat Mirziyoyev: «Bunday ko‘rsatkich birorta viloyatda yo‘q»

Viloyatdagi 49 ming gektar tomorqaning 35 ming gektarida 3-4-marta hosil olinmoqda. Endi bu tajribani kengaytirish va dehqonlar daromadini oshirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi.

Termiz tumanidagi «Tomorqa maktabi»da yerga ilmiy yondashuv asosida bir yilda 5-martagacha ekin ekish usullari o‘rgatilmoqda. Mutaxassislar fikricha, mazkur tajriba butun Surxondaryo bo‘ylab joriy etilsa, mahsulot yetishtirish hajmi va eksport ko‘rsatkichlari sezilarli o‘sadi.

Shu asosda Angor, Uzun va Denov tumanlarida ham «Tomorqa maktablari» tashkil etish, ular orqali har yili 10 ming nafar aholini o‘qitish vazifasi qo‘yildi. Bundan tashqari, Termiz tumani tajribasi asosida har bir viloyatda ikkitadan «Innovatsion tomorqa maktablari»ni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Limonchilik plantatsiyalari

Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish maqsadida Denov, Oltinsoy, Sariosiyo va Uzun tumanlarida 5 ming gektar maydonda limonchilik plantatsiyalari barpo etiladi. Shuningdek, Oltinsoy tumanida 6 ming gektarda eksportbop uzum yetishtirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.

Uzun tumanida esa Yaponiya tajribasi asosida tayyorlanadigan quritilgan xurmo va anjir mahsulotlarini milliy brend sifatida targ‘ib qilish muhim vazifa sifatida belgilandi. Bu mahsulotlarni tashqi bozorlarda pozitsiyalash orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish va eksport daromadlarini ko‘paytirish ko‘zda tutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Termiz savdo markazi ming gektargacha kengaytiriladi | Vaqt.uz