
Termizda bir qop nasha olib ketayotgan «Cobalt» haydovchisi ushlandi
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu giyohvandlik moddalari afg‘onistonlik narkokuryerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali mamlakatimizga olib kirilgan.

Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda DXX axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1985 yil Termiz shahrida tug‘ilgan shaxs o‘zining boshqaruvidagi «Cobalt» rusumli avtotransport vositasida 50 kg 978 g «gashish» moddasini olib ketayotgan vaqtida ushlangan
Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 186 g «gashish» moddasi olingan. Tadbir davomida uning 1986 yilda tug‘ilgan sherobodlik jinoiy sherigi ham ushlangan.
Aniqlanishicha, ular afg‘onistonlik narkokuryerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali mamlakatimizga o‘tkazilgan ushbu giyohvandlik vositalarini kelgusida sotishni maqsad qilishgan.
Ta’kidlash lozimki, qonunbuzarlarning biri muqaddam aynan giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun, ikkinchisi esa firibgarlik jinoyati uchun sudlangan.
Toshkent shahrida kuzatilgan holatda esa Uchtepa tumanida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan «Telegram» messenjeri orqali poytaxt hududida sintetik giyohvandlik vositalari sotish holati aniqlangan.
DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan shahar IIBB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 225 g «Al’fa PVP» sintetik narkotik moddasi bilan qo‘lga olingan.
So‘ngra uning 2005 yilda tug‘ilgan tanishi ham 2 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi bilan ushlangan.
Dastlabki so‘rovda, u dori vositasini Mirzo Ulug‘bek tumanidagi dorixonalarning biridan sotib olganligi aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida ushbu dorixonaning norasmiy sotuvchisi 14 dona «Regapen» dori vositasini mijozga 1 mln 200 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, dorixonaning yordamchi omborxonasidan 20200 dona «Gabaten», 823 dona «Regapen», 100 dona «Galara», 4 dona «Torgabalin» kabi tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar saqlovchi, tegishli hujjatlari bo‘lmagan dori vositalari ham ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda ushbu shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.





