
«Tesla uchun qiyin kunlar boshlanadi»: Kanada Xitoy elektromobillari uchun bojlarni tushirdi
Kanada 49 ming donagacha Xitoy elektromobillari uchun boj stavkasini 6,1 foizgacha tushiradi. Bu avvalgi hukumat tomonidan joriy etilgan 100 foizlik bojga nisbatan keskin pasayish hsoblanadi.

Kanada va Xitoy bir necha yillik tarang munosabatlardan so‘ng tarif cheklovlarini yumshatish va iqtisodiy muloqotni tiklashni nazarda tutuvchi dastlabki savdo kelishuvini e’lon qildi. Bitimning asosiy bandlari elektromobillar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘ldi.
Kanada Bosh vaziri Mark Karni Ottava 49 mingtagacha Xitoy elektromobillarini eng qulay davlat rejimida 6,1 foizlik boj stavkasi bilan import qilishga ruxsat berishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu avvalgi hukumat tomonidan 2024 yilda joriy etilgan 100 foizlik tarifga nisbatan keskin burilishdir. Karnining so‘zlariga ko‘ra, yangi kelishuv savdo shartlarini savdo nizolari avj olishidan oldingi darajaga qaytaradi, ammo endi bu yanada kengroq va tizimli kelishuv doirasida amalga oshiriladi.
«Xitoy uchun ham Kanada uchun ham yaxshi yangilik. Kanadaliklarda endi raqobatli bozorda arzon va sifatli EV mashinalarga tanlov bo‘ladi. Xitoy esa o‘ziga Shimoliy Amerikadan yangi bozor topdi», - deya yozdi o‘zbekistonlik iqtisodchi Botir Qobilov.
«Tesla korxonasiga ham qiyin bo‘ladi endi. Yevropa bozorini BYDga yo‘qotishayotgan edi, endi raqobat biqiniga, Shimoliy Amerikaga kirib kelmoqda. Raqobatli va erkin bozor hammaga kerak. AQSHning ahmoqona tarif siyosati Xitoyga qo‘l kelyapti, yangi hamkorliklar ochilyapti», - deya yozdi u o‘z sahifasida.
Botir Qobilovga ko‘ra, kanadaliklar ham endi o‘zbekistonliklar minib ko‘rgan mashinalar bilan tanishishadi.
«25 ming dollardan arzonroq BYDni sotib olib. Chevrolet (va Tesla) bilan xayrlashib. Bir payt bojsiz Xitoy mashinalarini arzonga sotib olishga ulgurgan o‘zbekistonliklarga kanadaliklar doim havas qilishar edi», - deya ta’kidladi u.
Elektromobillar uchun tariflarning pasaytirilishi Xitoyning Kanada rapsi uchun bojlarni yumshatishi kutilayotgani bilan birga kechmoqda. Pekin mart oyi boshiga kelib kanola urug‘i importi uchun umumiy stavkani taxminan 15 foizgacha tushirishi kutilmoqda, bu esa Kanada fermerlari uchun jiddiy yengillik bo‘ladi. Avvalroq tarif yuki 84 foizgacha yetgan edi, bu esa 2025 yil yakunlariga ko‘ra Xitoyga eksportning 10 foizdan ko‘proqqa kamayishiga olib keldi. Kelishuvlar doirasida, shuningdek, Kanada dengiz mahsulotlari va dukkakli ekinlariga nisbatan kamsituvchi bojlarni bekor qilish ham rejalashtirilgan.
Bitim AQSH bilan savdo aloqalari murakkablashgan va elektromobillar bozorida global raqobat kuchaygan sharoitda Kanadaning pragmatik burilishini aks ettiradi. Ottava ushbu kelishuv Kanada avtomobil sanoatiga Xitoydan salmoqli investitsiyalar jalb qilishini, mahalliy EV (elektr transport vositalari) zanjiri rivojlanishini tezlashtirishini va uglerod neytral iqtisodiyotga o‘tishni qo‘llab-quvvatlashini kutmoqda. Xitoy uchun esa AQSHning asosiy ittifoqchilaridan biri bilan tuzilgan ushbu kelishuv qattiq iqtisodiy ajralish strategiyasi universal emasligi haqidagi signal bo‘lib xizmat qiladi.





